Daʼvo muddatining oʻtishi quyidagi hollarda toʻxtatiladi:

1) agar daʼvo qoʻzgʻatilishi uchun muayyan sharoitlarda oldini olib boʻlmaydigan favqulodda hodisa (yengib boʻlmas kuch) toʻsqinlik qilgan boʻlsa;

2) Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati majburiyatlarni bajarishni kechiktirganligi (moratoriy) tufayli;

3) agar daʼvogar yoki javobgar harbiy holatga oʻtkazilgan Qurolli Kuchlar, chegara qoʻshinlari va ichki qoʻshinlar tarkibida boʻlsa;

4) agar muomalaga layoqatsiz shaxsning qonuniy vakillari boʻlmasa;

5) tegishli munosabatni tartibga soluvchi qonunchilik hujjatining amal qilishi toʻxtatilgan boʻlsa.

(156-modda birinchi qismining 5-bandi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)

6) mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish toʻgʻrisida kelishuv tuzilgan taqdirda.

(156-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 20-martdagi OʻRQ-531-sonli Qonuniga asosan 6-band bilan toʻldirilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 21.03.2019-y., 03/19/531/2799-son)

Agar ushbu moddada koʻrsatilgan holatlar daʼvo muddatining oxirgi olti oyida, bu muddat olti oydan kam boʻlsa, daʼvo muddatida vujudga kelgan yoki davom etib turgan boʻlsa, daʼvo muddatining oʻtishi toʻxtatiladi.

Muddatning toʻxtatib turilishiga asos boʻlgan holat barham topgan kundan boshlab daʼvo muddatining oʻtishi davom etadi, bunda muddatning qolgan qismi olti oygacha, daʼvo muddati olti oydan kam boʻlsa, daʼvo muddatiga qadar uzaytiriladi.