Qonunchilikda belgilangan tartibda qurilish maqsadlari uchun ajratilmagan yer uchastkalarida, shuningdek imorat qurish uchun zarur ruxsatnoma olmasdan yoki arxitektura va qurilish normalari hamda qoidalarini jiddiy buzgan holda qurilgan uy-joy, boshqa bino, inshoot yoki oʻzga koʻchmas mulk oʻzboshimchalik bilan qurilgan imorat hisoblanadi.

(212-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)

Oʻzboshimchalik bilan imorat qurgan shaxs unga mulk huquqini ololmaydi. Bu shaxs qurgan imoratini tasarruf etishga — sotishga, hadya etishga, ijaraga berishga, imoratga nisbatan boshqa bitimlar tuzishga haqli emas.

Oʻzboshimchalik bilan imorat qurish natijasida huquqlari buzilgan shaxsning yoki tegishli davlat organining daʼvosi bilan bunday imorat sudning qaroriga binoan imoratni qurgan shaxs tomonidan yoki uning hisobidan buzib tashlanishi lozim, ushbu moddaning toʻrtinchi qismida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.

(212-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 4-martdagi OʻRQ-526-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 05.03.2019-y., 03/19/526/2701-son — 2019-yil 6-iyundan kuchga kiradi)

(212-moddaning toʻrtinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 4-martdagi OʻRQ-526-sonli Qonuniga asosan chiqarilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 05.03.2019-y., 03/19/526/2701-son — 2019-yil 6-iyundan kuchga kiradi)

Imorat qurilgan yer uchastkasining mulkdori boʻlgan, unga umrbod meros sifatida egalik qilayotgan, doimiy egalik qilayotgan va foydalanayotgan shaxsning oʻzboshimchalik bilan qurilgan imoratga nisbatan mulk huquqi sud tomonidan eʼtirof etilishi mumkin. Bu holda imoratga nisbatan mulk huquqi eʼtirof etilgan shaxs imorat qurgan shaxsning xarajatlarini sud belgilagan miqdorda qoplaydi.

(212-moddaning toʻrtinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 4-martdagi OʻRQ-526-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 05.03.2019-y., 03/19/526/2701-son — 2019-yil 6-iyundan kuchga kiradi)

Basharti, oʻzboshimchalik bilan qurilgan imoratning saqlab qolinishi boshqa shaxslarning huquqlari va qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlari buzilishiga sabab boʻlsa, yoxud fuqarolarning hayoti va sogʻligʻiga xavf tugʻdirsa, oʻzboshimchalik bilan qurilgan imoratga nisbatan mulk huquqi eʼtirof etilishi mumkin emas.

(212-moddaning beshinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 4-martdagi OʻRQ-526-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 05.03.2019-y., 03/19/526/2701-son — 2019-yil 6-iyundan kuchga kiradi)