Foyda olishni oʻz faoliyatining asosiy maqsadi qilib olgan (tijoratchi tashkilot) yoki foyda olishni ana shunday maqsad qilib olmagan tashkilot (tijoratchi boʻlmagan tashkilot) yuridik shaxs boʻlishi mumkin.
Tijoratchi tashkilot boʻlgan yuridik shaxs xoʻjalik shirkati va jamiyati, ishlab chiqarish kooperativi va qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqacha shaklda tuzilishi mumkin.
(40-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 7-fevraldagi OʻRQ-1025-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.02.2025-y., 03/25/1025/0116-son. Kuchga kirish sanasi — 2025-yil 8-may)
Tijoratchi tashkilot boʻlmagan yuridik shaxs jamoat birlashmasi, ijtimoiy fond va mulkdor tomonidan moliyaviy taʼminlab turiladigan muassasa shaklida, shuningdek qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqacha shaklda tashkil etilishi mumkin.
(40-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Tijoratchi boʻlmagan tashkilot oʻzining ustavda belgilangan maqsadlariga mos keladigan doiralarda tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanishi mumkin.
Yuridik shaxslar uyushmalar (ittifoqlar)ga va boshqa birlashmalarga Qonunga muvofiq birlashishlari mumkin.
(40-moddaning beshinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2000-yil 15-dekabrdagi 175-II-son Qonuni tahririda— Oliy Majlis Axborotnomasi, 2001-y., 1-2-son, 23-modda)
Yuridik shaxs ushbu Kodeks, boshqa qonunchilik hujjatlari, shuningdek ustav va boshqa taʼsis hujjatlari asosida ish olib boradi.
(40-moddaning oltinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)