Ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslar saqlash sharoitiga qarab umumiy turar joylarda, xonalarda yoki kameralarda yashaydi, ushbu turar joylar, xonalar yoki kameralar belgilangan tartibda tasdiqlangan sanitariya-gigiyena hamda qurilish normalari va qoidalariga mos kelishi kerak.
(84-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 14-martdagi OʻRQ-530-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 15.03.2019-y., 03/19/530/2769-son)
Bir mahkumga toʻgʻri keladigan yashash maydoni normasi quyidagi miqdordan kam boʻlishi mumkin emas:
umumiy turar joylarda — ikki kvadrat metr;
tergov hibsxonalari va turmalarning umumiy kameralarida — ikki yarim kvadrat metr;
ayollar, I va II guruh nogironligi boʻlgan shaxslar voyaga yetmaganlar saqlanadigan koloniyalardagi umumiy turar joylarda — uch kvadrat metr;
(84-modda ikkinchi qismining toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2023-yil 15-fevraldagi OʻRQ-817-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.02.2023-y., 03/23/817/0091-son)
bemor mahkumlar saqlanadigan palatalarda — toʻrt kvadrat metr;
intizomiy boʻlinmalarning kameralarida hamda soqchisiz yoki kuzatuvchisiz yurish huquqidan foydalanayotgan mahkumlar yashashi uchun, shuningdek jazoni manzil-koloniyalarda oʻtayotgan shaxslar uchun moʻljallangan xona tipidagi turar joylarda — toʻrt yarim kvadrat metr.
Mahkumlarga yotish uchun alohida joy, koʻrpa-toʻshak, choyshab va kerakli inventar beriladi.
I va II guruh nogironligi boʻlgan shaxslar uchun moʻljallangan umumiy turar joylar maxsus vositalar va moslamalar bilan jihozlangan boʻlishi kerak.
(84-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2023-yil 15-fevraldagi OʻRQ-817-sonli Qonuniga asosan toʻrtinchi qism bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.02.2023-y., 03/23/817/0091-son)