Muttasil ravishda doʻpposlash yoki boshqacha harakatlar bilan qiynash, agar ushbu Kodeksning 104, 105-moddalarida, 126¹-moddasining toʻrtinchi — sakkizinchi qismlarida nazarda tutilgan oqibatlarni keltirib chiqarmagan boʻlsa, —

(110-modda birinchi qismining dispozitsiyasi Oʻzbekiston Respublikasining 2023-yil 11-apreldagi OʻRQ-829-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.04.2023-y., 03/23/829/0208-son)

bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

(110-modda birinchi qismining sanksiyasi Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 3-dekabrdagi OʻRQ-586-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 04.12.2019-y., 03/19/586/4106-son)

Oʻsha harakatlar:

a) voyaga yetmagan shaxsga nisbatan;

b) homiladorligi aybdorga ayon boʻlgan ayolga nisbatan;

v) ojiz ahvoldaligi aybdorga ayon boʻlgan shaxsga nisbatan sodir etilgan boʻlsa, —

uch yuz oltmish soatdan toʻrt yuz sakson soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud ikki yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoki besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

(110-modda ikkinchi qismining sanksiyasi Oʻzbekiston Respublikasining 2017-yil 29-martdagi OʻRQ-421-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 13-son, 194-modda)