Bayonnoma boshqa hujjatlar va ish boʻyicha dalillar bilan birga huquqbuzarlik sodir etilgan yoki aniqlangan paytdan boshlab uch sutkadan kechiktirmay maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqish vakolatiga ega boʻlgan organ (mansabdor shaxs)ga yuboriladi.
(282-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 20-fevraldagi OʻRQ-1033-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.02.2025-y., 03/25/1033/0164-son)
Ish boʻyicha ekspertiza tayinlangan, yetkazilgan zararni baholash choralari koʻrilgan, haydovchilik guvohnomasini olganlik toʻgʻrisida soʻrovlar joʻnatilgan hollarda bayonnoma ushbu hujjatlar kelib tushgan paytdan eʼtiboran uch kun ichida maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqish vakolatiga ega boʻlgan organga (mansabdor shaxsga) yuboriladi.
(282-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 20-fevraldagi OʻRQ-1033-sonli Qonuniga asosan ikkinchi qism bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.02.2025-y., 03/25/1033/0164-son)
Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi bayonnomaga quyidagilar ilova qilinadi:
1) maʼmuriy javobgarlikka tortilayotgan shaxsning shaxsini tasdiqlovchi hujjatning koʻchirma nusxasi;
1¹) mavjud boʻlgan taqdirda — jabrlanuvchi jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami yoki yuridik shaxsning soliq toʻlovchi identifikatsiya raqami;
(282-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 16-iyundagi OʻRQ-1069-sonli Qonuniga asosan 1¹-band bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.06.2025-y., 03/25/1069/0510-son)
2) ichki ishlar organlarining maʼmuriy javobgarlikka tortilayotgan shaxsning ilgari maʼmuriy javobgarlikka tortilganligi fakti mavjudligi yoki mavjud emasligi toʻgʻrisidagi maʼlumotnomasi;
3) maʼmuriy javobgarlikka tortilayotgan shaxsning tushuntirishi;
4) jabrlanuvchining, guvohlarning koʻrsatuvlari, ekspertning xulosasi, agar ular mavjud boʻlsa;
5) maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etilganligi faktini tasdiqlovchi boshqa materiallar;
6) ushbu Kodeks 269³-moddasining birinchi, uchinchi va toʻrtinchi qismlarida nazarda tutilgan maʼmuriy huquqbuzarliklar boʻyicha jabrlanuvchining arizasi.
(282-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 10-iyuldagi OʻRQ-1075-sonli Qonuniga asosan 6-band bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 11.07.2025-y., 03/25/1075/0597-son)
Ushbu Kodeksning 133 va 134-moddalarida nazarda tutilgan maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi bayonnomaga ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan hujjatlardan tashqari quyidagilar ilova qilinadi:
1) haydovchilik guvohnomasi, transport vositasi roʻyxatdan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnomaning va ishonchnomaning koʻchirma nusxasi;
2) sugʻurta polisining koʻchirma nusxasi (mavjud boʻlgan taqdirda);
3) alkogolli ichimlikdan, giyohvandlik moddasi taʼsiridan yoki oʻzgacha tarzda mast holda boshqarilganligi belgilangan tartibda tekshiruvdan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi tibbiy xulosa, alkogolli ichimlikdan, giyohvandlik moddasi taʼsiridan yoki oʻzgacha tarzdagi mastlik holatini aniqlash uchun tekshiruvdan oʻtishdan boʻyin tovlagan taqdirda ikki xolis ishtirokida tuzilgan dalolatnoma;
4) koʻzdan kechirish dalolatnomasi va hodisa joyining chizmasi, transport vositasining shikastlanishlari toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma va texnika vositalari shikastlanishlarining fotosuratlari;
5) avtomototransport vositasiga yetkazilgan zararni baholash dalolatnomasi;
6) sudga qadar avtotexnika ekspertizasi tayinlanganligi haqidagi qaror va ekspertlarning xulosasi;
7) surishtiruv yakunlariga koʻra, manfaatdor shaxslarning maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish materiallari bilan tanishganligi toʻgʻrisidagi bayonnoma.
Ushbu Kodeksning 52-moddasida nazarda tutilgan maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi bayonnomaga ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan hujjatlardan tashqari quyidagilar ilova qilinadi:
1) jabrlanuvchining arizasi;
2) sudga qadar tibbiy ekspertiza tayinlanganligi haqidagi qaror va ekspertlarning xulosasi;
3) jinoyat ishi qoʻzgʻatishni rad etish toʻgʻrisidagi qaror.
(282-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2018-yil 29-yanvardagi OʻRQ-463-sonli Qonuniga asosan ikkinchi — toʻrtinchi qismlar bilan toʻldirilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 30.01.2018-y., 03/18/463/0634-son — 2018-yil 1-apreldan kuchga kiradi)