Turar joylarni almashtirish istagida boʻlgan fuqarolar mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga belgilangan shaklda arizani topshiradilar.

(111-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 30-dekabrdagi OʻRQ-1109-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2025-y., 03/25/1109/1241-son)

Mulkdor, ijaraga oluvchi, uy-joy qurish yoki uy-joy kooperativi aʼzosining arizasiga quyidagilar ilova qilinadi:

turar joyga boʻlgan huquqni belgilovchi hujjat yoki turar joy orderi;

(111-modda ikkinchi qismining uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2020-yil 28-sentabrdagi OʻRQ-638-sonli Qonuniga asosan chiqarilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 28.09.2020-y., 03/20/638/1333-son)

soliqlar, turar joydan foydalanish xarajatlari va kommunal xizmatlar boʻyicha qarzi yoʻqligi toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma;

idoraviy uy-joy fondining uyidagi turar joyni almashtirishda — shu fond egasining turar joyni almashtirishga roziligini tasdiqlovchi hujjat yoxud tegishli hollarda — sud qarorining nusxasi;

turar joyning bir qismi almashtirilayotganda shu almashtirilayotgan turar joyda yashash uchun qolayotgan u yoki bu shaxs bilan nikohda boʻlganligi yoki qarindoshligini tasdiqlovchi hujjatlar;

oilaning barcha voyaga yetgan, shu jumladan vaqtincha boʻlmagan aʼzolarining, davlat uy-joy fondi uylarida esa, shuningdek ijaraga oluvchi bilan doimiy yashayotgan fuqarolarning yozma roziligi;

homiylik yoki vasiylikka olingan shaxsning foydalanishidagi turar joy almashtirilayotganida homiylik va vasiylik organining roziligi;

turar joyini kooperativ aʼzosi bilan almashtirayotgan shaxs kooperativga qabul qilinganligi toʻgʻrisidagi uy-joy qurish yoki uy-joy kooperativi boshqaruvining qaroridan koʻchirma yoxud tegishli hollarda — sud qarorining nusxasi;

bitta kooperativ aʼzolari oʻrtasida turar joylar almashtirilayotganda — uy-joy qurish yoki uy-joy kooperativi boshqaruvining almashtirishga roziligi toʻgʻrisidagi qaroridan koʻchirma yoxud tegishli hollarda — sud qarorining nusxasi.

Barcha zarur hujjatlar taqdim etilgan kundan boshlab ariza qabul qilingan deb hisoblanadi.