Majburiyatning sud qaroriga koʻra tugatilganligi oqibatida yoxud qarzdor toʻlovga qobiliyatsiz boʻlganligi, tugatilganligi yoki vafot etganligi oqibatida toʻlanishi mumkin boʻlmagan bojxona toʻlovlari boʻyicha qarzdorlik umidsiz qarz deb hisoblanadi.
(352¹-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 21-fevraldagi OʻRQ-911-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.02.2024-y., 03/24/911/0142-son)
Bojxona organlarining qaroriga koʻra bojxona toʻlovlarini toʻlash boʻyicha qarzdorlik quyidagi hollarda umidsiz qarz deb eʼtirof etiladi:
1) yuridik shaxs tugatilganda — uning bojxona toʻlovlarini toʻlash boʻyicha qarzining oʻz mol-mulki yetarli emasligi va (yoki) qarzdorlikni qonunchilikda belgilangan doirada va tartibda ushbu yuridik shaxs muassislari (ishtirokchilari) tomonidan uzish mumkin boʻlmaganligi sababli uzilmay qolgan qismi boʻyicha;
2) yakka tartibdagi tadbirkor bankrot deb eʼtirof etilganda — bojxona toʻlovlarini toʻlash boʻyicha qarzning qarzdorning mol-mulki yetarli emasligi sababli uzilmay qolgan qismi boʻyicha;
3) jismoniy shaxs vafot etganda yoki jismoniy shaxs vafot etgan deb eʼlon qilinganda yoxud jismoniy shaxs bankrot deb topilganda — uning bojxona toʻlovlarini toʻlash boʻyicha qarzining oʻz mol-mulki yetarli emasligi sababli, shu jumladan meros davlat mulkiga oʻtgan taqdirda uzilmay qolgan qismi boʻyicha;
(352¹-modda ikkinchi qismning 3-bandi Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 21-fevraldagi OʻRQ-911-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.02.2024-y., 03/24/911/0142-son)
4) chet el yuridik shaxsi soliq organidan hisobdan chiqarilganda — uning bojxona toʻlovlari boʻyicha qarzdorligining doimiy muassasaning mol-mulki yetarli emasligi hamda Oʻzbekiston Respublikasining norezidenti boʻlgan yuridik shaxs tomonidan qarzdorlikni qonunchilikda belgilangan doirada va tartibda uzish mumkin boʻlmaganligi sababli uzilmay qolgan qismi boʻyicha. Undirilishi umidsiz deb eʼtirof etilgan mazkur qarzdorlik ushbu chet el yuridik shaxsi soliq organida qaytadan hisobga qoʻyilganda tiklanishi lozim.
Undirilishi umidsiz deb eʼtirof etilgan bojxona toʻlovlarini toʻlash boʻyicha qarzdorlikni hisobdan chiqarish tartibi va ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan holatlarni tasdiqlovchi hujjatlar roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi tomonidan tasdiqlanadi.
(352¹-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2022-yil 1-fevraldagi OʻRQ-748-sonli Qonuniga asosan kiritilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 02.02.2022-y., 03/22/748/0086-son — 2022-yil 3-maydan kuchga kiradi)