Tovarni vaqtincha olib chiqish bojxona rejimiga joylashtirish uchun deklarant bojxona organiga bojxona yuk deklaratsiyasini va tovarning kuzatuv hujjatlarini, shuningdek tovarni yetkazib berish yoki topshirish toʻgʻrisidagi kontraktni (shartnomani, kelishuvni) (tovar ijara, lizing shartnomasi, kafolatli xizmat koʻrsatish va investitsiya loyihasi doirasida vaqtincha olib chiqilgan hollarda) taqdim etadi.

(38-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2022-yil 1-fevraldagi OʻRQ-748-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 02.02.2022-y., 03/22/748/0086-son — 2022-yil 3-maydan kuchga kiradi)

Ruxsat etish xususiyatiga ega tegishli hujjatlar boʻlgan taqdirda vaqtincha olib chiqiladigan tovarlarga nisbatan bojxona organlarining axborot tizimida bunday hujjatlarning mavjudligini bojxona organi mustaqil ravishda tekshiradi.