Arizani koʻrmasdan qoldirish toʻgʻrisida sud ajrim chiqaradi. Ajrimda sud ishning hal etilishiga toʻsqinlik qilayotgan, ushbu Kodeks 122-moddasining 2, 5, 6, 7, 8, 10, 10¹ va 11-bandlarida sanab oʻtilgan holatlarni bartaraf etish yoʻllarini koʻrsatishi shart.

Sud ushbu Kodeks 122-moddasining 1, 3, 4 va 10³-bandlarida nazarda tutilgan asoslar boʻyicha arizani koʻrmasdan qoldirib, ajrimda davlat bojini qaytarish va daʼvoni taʼminlash yuzasidan koʻrilgan choralarni bekor qilish haqida koʻrsatadi.

Ushbu Kodeks 122-moddasining 5, 6, 7 va 10²-bandlarida nazarda tutilgan asoslar boʻyicha arizani koʻrmasdan qoldirish haqidagi sud ajrimi ustidan xususiy shikoyat (protest) berilishi mumkin.

(123-moddaning birinchi, ikkinchi va uchinchi qismlari Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 16-sentabrdagi OʻRQ-716-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.09.2021-y., 03/21/716/0877-son)

Arizani koʻrmasdan qoldirish uchun asos boʻlgan holatlar bartaraf etilganidan keyin manfaatdor shaxs sudga ariza bilan umumiy tartibda yangidan murojaat qilishga haqli.