(14-moddaning nomi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)

Sud ishlarni Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari asosida hal qilishi shart. Sud, agar Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga zid boʻlmasa, boshqa qonunchilik hujjatlarini ham qoʻllaydi.

(14-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)

Nizoli munosabatni tartibga soladigan huquq normalari mavjud boʻlmagan taqdirda, sud shunga oʻxshash munosabatlarni tartibga soladigan huquq normalarini qoʻllaydi, bunday normalar mavjud boʻlmaganda esa nizoni qonunlarning umumiy asoslari va mazmunidan kelib chiqqan holda hal etadi.

Sud Oʻzbekiston Respublikasining qonuniga yoki xalqaro shartnomasiga muvofiq chet davlatning huquq normalarini ham qoʻllaydi.