Fuqarolik ishi (bundan buyon matnda ish deb yuritiladi) birinchi instansiya sudida sudya tomonidan yakka tartibda koʻriladi. Sudya ishni yakka tartibda koʻrayotganda va hal qilganida u sud nomidan ish yuritadi.
Muayyan ishni koʻrish uchun sud tarkibi sudyalarning ish hajmi va ixtisoslashuvi hisobga olingan holda, sud tarkibini shakllantirishga sud muhokamasi natijasidan manfaatdor boʻlgan shaxslarning taʼsir koʻrsatishi istisno etiladigan tartibda, avtomatlashtirilgan axborot tizimidan foydalangan holda shakllantiriladi.
(17-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2020-yil 10-martdagi OʻRQ-607-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 11.03.2020-y., 03/20/607/0279-son)
Ishni apellyatsiya, kassatsiya va taftish instansiyasi sudlarida koʻrish uch nafar sudyadan iborat tarkibda hayʼatda amalga oshiriladi.
(17-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2023-yil 25-dekabrdagi OʻRQ-887-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.12.2023-y., 03/23/887/0972-son — 2024-yil 1-yanvardan kuchga kiradi)
Ishni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Rayosatida taftish tartibida koʻrish Rayosat aʼzolarining koʻpchiligi hozir boʻlganda amalga oshiriladi.
(17-moddaning toʻrtinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2023-yil 25-dekabrdagi OʻRQ-887-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.12.2023-y., 03/23/887/0972-son — 2024-yil 1-yanvardan kuchga kiradi)
Ish hayʼatda koʻrilayotganda sudyalardan biri sud majlisida raislik qiladi.
Ishni koʻrish va hal etishda barcha sudyalar teng huquqlarga ega boʻladi.