Daʼvo muddati quyidagilarga joriy qilinmaydi:

shaxsiy nomulkiy huquqlarni va boshqa nomoddiy boyliklarni himoya qilish haqidagi talablarga, qonunchilikda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno;

(163-moddaning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)

omonatchilarning oʻz omonatlarini berish toʻgʻrisida bankka qoʻyadigan talablariga, shuningdek Omonatlarni kafolatlash agentligiga kafolatlangan omonatlar boʻyicha kompensatsiyalar toʻlanishiga doir talablariga;

(163-moddaning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 18-fevraldagi OʻRQ-1031-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.02.2025-y., 03/25/1031/0160-son)

fuqaroning hayotiga yoki sogʻligʻiga yetkazilgan zararni toʻlash haqidagi talablarga. Daʼvo muddati oʻtganidan keyin qoʻzgʻatilgan talablar daʼvo qoʻzgʻatilishidan oldingi koʻpi bilan uch yil boʻyicha qondiriladi;

jinoyat tufayli yetkazilgan zararni toʻlash haqidagi talablarga;

mulkdorning yoki boshqa egalik qiluvchining oʻz huquqini har qanday buzishlarni, garchi bu buzishlar egalik qilishdan mahrum etish bilan bogʻliq boʻlmasa ham (ushbu Kodeksning 231-moddasi), bartaraf etish haqidagi talablariga;

(163-moddaning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 20-martdagi OʻRQ-531-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 21.03.2019-y., 03/19/531/2799-son)

mamlakat mustaqilligi eʼlon qilinishidan oldin uning chegaralaridan tashqariga olib chiqib ketilgan tarixiy, madaniy va ilmiy-badiiy qiymatga ega boʻlgan mol-mulkni hamda boshqa qimmatbaho obyektlarni qaytarib berish haqidagi talablarga;

qonunda belgilangan hollarda boshqa talablarga.