Shartnoma tuzilgan paytidan boshlab kuchga kiradi va taraflar uchun majburiy boʻlib qoladi. Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti, davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlari va budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari jamgʻarmalaridan ajratiladigan mablagʻlar boʻyicha tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) yetkazib beruvchilar bilan tuzilgan shartnomalar, shuningdek ularga kiritilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar gʻaznachilik organlarida roʻyxatdan oʻtkazilganidan keyin kuchga kiradi.

(357-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 25-dekabrdagi OʻRQ-1107-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.12.2025-y., 03/25/1107/1216-son)

Taraflar oʻzlari tuzgan shartnomaning shartlarini ularning shartnoma tuzishidan oldin vujudga kelgan munosabatlariga nisbatan qoʻllaniladi deb belgilab qoʻyishga haqlidirlar.

Qonunda yoki shartnomada shartnomaning amal qilish muddati tugashi taraflarning shartnoma boʻyicha majburiyatlari bekor boʻlishiga olib keladi, deb belgilanishi mumkin.

Bunday shart yozib qoʻyilmagan shartnoma taraflar majburiyatni bajarishining shartnomada belgilab qoʻyilgan oxirgi muddatigacha amal qiladi, deb hisoblanadi.

Shartnomaning amal qilish muddati tugashi taraflarni uni buzganlik uchun javobgarlikdan ozod qilmaydi.