Sudya daʼvo arizasini ish yuritishga qabul qilishni quyidagi hollarda rad etadi, agar:

1) ish iqtisodiy sudga, fuqarolik ishlari boʻyicha sudga yoki maʼmuriy sudga taalluqli boʻlmasa;

(154-modda birinchi qismining 1-bandi Oʻzbekiston Respublikasining 2023-yil 26-apreldagi OʻRQ-833-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.04.2023-y., 03/23/833/0236-son)

2) ayni bir shaxslar oʻrtasidagi, ayni bir predmet toʻgʻrisidagi va ayni bir asoslar boʻyicha nizo yuzasidan iqtisodiy sudning qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarori yoki ishni yuritishni tugatish toʻgʻrisida ajrimi yoxud fuqarolik ishlari boʻyicha sudning hal qiluv qarori yoki kelishuv bitimini tasdiqlash toʻgʻrisida ajrimi boʻlsa;

3) iqtisodiy sudning, fuqarolik ishlari boʻyicha sudning, hakamlik sudining, arbitraj sudining ish yuritishida ayni bir shaxslar oʻrtasida, ayni bir predmet toʻgʻrisida va ayni bir asoslar boʻyicha nizo yuzasidan ish mavjud boʻlsa;

(154-modda birinchi qismining 3-bandi Oʻzbekiston Respublikasining 2022-yil 16-maydagi OʻRQ-769-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.05.2022-y., 03/22/769/0421-son)

4) ayni bir shaxslar oʻrtasidagi, ayni bir predmet toʻgʻrisidagi va ayni bir asoslar boʻyicha nizo yuzasidan hakamlik sudining qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarori boʻlsa, bundan iqtisodiy sud hakamlik sudining hal qiluv qarorini majburiy ijro etish uchun ijro varaqasini berishni rad etgan hollar mustasno;

4¹) ayni bir shaxslar oʻrtasidagi, ayni bir predmet toʻgʻrisidagi va ayni bir asoslar boʻyicha nizo yuzasidan arbitrajning qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarori mavjud boʻlsa, bundan iqtisodiy sud arbitrajning hal qiluv qarorini tan olishni va ijroga qaratishni rad etgan hollar mustasno;

(154-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2022-yil 16-maydagi OʻRQ-769-sonli Qonuniga asosan 4¹-band bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.05.2022-y., 03/22/769/0421-son)

5) ayni bir shaxslar oʻrtasidagi, ayni bir predmet toʻgʻrisidagi va ayni bir asoslar boʻyicha nizo yuzasidan hakamlik muhokamasini tugatish toʻgʻrisida chiqarilgan ajrim boʻlsa, bundan hakamlik sudida ushbu nizoni koʻrib chiqish vakolati mavjud emasligi sababli hakamlik muhokamasi tugatilganligi holati mustasno.

5¹) ayni bir shaxslar oʻrtasidagi, ayni bir predmet toʻgʻrisidagi va ayni bir asoslar boʻyicha nizo yuzasidan arbitraj muhokamasini tugatish toʻgʻrisida chiqarilgan ajrim mavjud boʻlsa, bundan arbitraj sudida ushbu nizoni koʻrib chiqish vakolati mavjud emasligi sababli arbitraj muhokamasi tugatilganligi holati mustasno;

(154-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2022-yil 16-maydagi OʻRQ-769-sonli Qonuniga asosan 5¹-band bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.05.2022-y., 03/22/769/0421-son)

5²) sudning ayni bir shaxslar oʻrtasidagi, ayni bir predmet toʻgʻrisidagi va ayni bir asoslar boʻyicha nizo yuzasidan tuzilgan mediativ kelishuvni majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish toʻgʻrisidagi ajrimi mavjud boʻlsa.

(154-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 20-oktabrdagi OʻRQ-1089-sonli Qonuniga asosan 5²-band bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.10.2025-y., 03/25/1089/0953-son)

Daʼvo arizasini qabul qilishni rad etish toʻgʻrisidagi ajrim ustidan shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin. Ajrim bekor qilingan taqdirda, daʼvo arizasi sudga dastlabki murojaat qilingan kunda berilgan deb hisoblanadi.