Jazoni ijro etish muassasalarining intizomiy boʻlinmalariga quyidagilar kiradi:

manzil-koloniyalar va tarbiya koloniyalarining hibsxonalari;

umumiy, qattiq va maxsus tartibli koloniyalarning hibsxonalari va karserlari;

tergov hibsxonalarining va turmalarning karserlari.

Mahkumlar hibsxonalar va karserlarga oʻn besh sutkagacha, tarbiya koloniyalarining hibsxonalariga esa, oʻn sutkagacha boʻlgan muddatga kiritib qoʻyiladi.

Jazoni oʻtash tartibini ashaddiy buzuvchi mahkumlar umumiy, qattiq va maxsus tartibli koloniyalarning karserlariga olti oygacha, ayollar saqlanadigan koloniyalarda esa — uch oygacha boʻlgan muddatga oʻtkazib qoʻyiladi.

Hibsxonalarga kiritib qoʻyilgan mahkumlarga uchrashuv, telefon orqali soʻzlashuv, oziq-ovqat mahsulotlari va eng zarur narsalar sotib olish, posilka, yoʻqlov va banderollar olish hamda joʻnatish, xatlar va boshqa joʻnatmalar yuborish taqiqlanadi. Ularga chekish, stolda oʻynaladigan oʻyinlardan foydalanishga ruxsat etilmaydi. Mahkumlar har kuni muddati bir yarim soatlik sayrdan foydalanish huquqiga ega.

(109-moddaning toʻrtinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2003-yil 30-avgustdagi 535-II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2003-y., 9-10-son, 149-modda)

Karserlarda mahkumlarga uchrashuv, telefon orqali soʻzlashuv, posilka, yoʻqlov va banderollar olish hamda joʻnatish, stolda oʻynaladigan oʻyinlardan foydalanish taqiqlanadi.

Umumiy, qattiq va maxsus tartibli koloniyalarning karserlariga oʻtkazilgan mahkumlar quyidagi huquqlarga ega:

oziq-ovqat mahsulotlari va eng zarur narsalar sotib olish uchun belgilangan mehnatga haq toʻlash eng kam miqdorining 26,5 foizigacha pul sarflash;

(109-modda oltinchi qismining ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 3-dekabrdagi OʻRQ-586-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 04.12.2019-y., 03/19/586/4106-son)

har kuni muddati ikki soatlik sayrdan foydalanish.

(109-moddaning oltinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2003-yil 30-avgustdagi 535-II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2003-y., 9-10-son, 149-modda)

Maxsus tartibli koloniyalarning, tergov hibsxonalari va turmalarning karserlarida mahkumlarni yakka saqlash belgilanadi.

Mahkumlarni intizomiy boʻlinmaga kiritib qoʻyish va oʻtkazish muassasa boshligʻining jazo muddati koʻrsatilgan qarori asosida hamda tibbiy ruxsatnoma boʻlgan taqdirda amalga oshiriladi.

Mahkumlar intizomiy boʻlinmalardan davolash-profilaktika muassasalariga oʻtkazilgan taqdirda ular davolash-profilaktika muassasalarida boʻlgan vaqt jazoni oʻtash muddatiga qoʻshib hisoblanadi.

Intizomiy boʻlinmalarga:

I guruh nogironligi boʻlgan shaxslar;

(109-moddaning oʻninchi qismi ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2022-yil 17-maydagi OʻRQ-770-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.05.2022-y., 03/22/770/0424-son)

homiladorlik va tugʻish boʻyicha ishdan ozod etilgan, shuningdek yonida emizikli bolasi bor ayollar kiritilmaydi.

Intizomiy boʻlinmalarda saqlanayotgan mahkumlar mehnatga jalb etilmaydi.