Jarima tariqasidagi jazoga hukm qilingan shaxs jarimani hukm qonuniy kuchga kirgan kundan boshlab bir oylik muddat ichida ixtiyoriy ravishda toʻlashi shart. Mahkum belgilangan muddatda jarimani ixtiyoriy ravishda toʻlamagan taqdirda, jarima davlat ijrochisi tomonidan majburiy tartibda undirib olinadi. Jarimani majburiy undirish ushbu moddaning ikkinchi qismida koʻrsatilgan mahkumga nisbatan qoʻllanilmaydi.
(19-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2017-yil 16-oktabrdagi OʻRQ-448-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 2017-y.)
Oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan jinoyat sodir etgan va jarima tariqasidagi jazoga hukm qilingan shaxs hukm qonuniy kuchga kirgan kundan boshlab olti oylik muddat ichida jarimani ixtiyoriy ravishda toʻlashi shart.
Agar belgilangan muddatda jarimani toʻliq miqdorda toʻlashga mahkumning imkoni boʻlmasa, sud uning iltimosnomasiga koʻra hukmning ijrosini Jinoyat-protsessual kodeksining 533-moddasida belgilangan tartibda kechiktirishi yoki jarimani boʻlib-boʻlib toʻlashga ruxsat etishi mumkin.
(19-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2008-yil 10-apreldagi OʻRQ-151-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2008-y., 14-15-son, 94-modda)