Ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslar tergov hibsxonasining maʼmuriyati hukm qonuniy kuchga kirganligi toʻgʻrisida sud xabarnomasini olgan kundan boshlab oʻn kunlik muddat ichida jazoni oʻtash uchun joʻnatiladi.
Ushbu muddat davomida mahkum:
qarindoshlari yoki boshqa shaxslar bilan bir marta qisqa muddatli uchrashish;
oʻz shaxsiy mablagʻlari hisobidan toʻlanadigan, oʻn besh daqiqa davom etadigan bir marta telefon orqali soʻzlashish huquqiga ega.
Ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslar sud hukmi bilan belgilangan rejimning turiga muvofiq jazoni ijro etish muassasalariga joʻnatiladi.
Ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslarni joʻnatish ushbu Kodeksning 58-moddasi talablariga rioya etgan holda amalga oshiriladi.
(54-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 28-avgustdagi OʻRQ-558-sonli Qonuniga asosan ikkinchi — toʻrtinchi qismlar bilan toʻldirilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 29.08.2019-y., 03/19/558/3662-son)
Mahkumlarni jazoni ijro etish muassasasiga joʻnatish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan belgilanadi.