Ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslarga organizmning energiyaga va ozuqaviy moddalarga boʻlgan fiziologik ehtiyojini taʼminlaydigan ovqat qonunchilikda belgilangan tartibda respublika budjeti hisobidan beriladi, bundan manzil-koloniyalarda jazoni oʻtayotganlar mustasno.

(85-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)

Ovqat normasi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan mahkumlarning sogʻligʻi holatiga, ularning yoshi, bajarayotgan ishining xususiyati va ogʻirligiga qarab belgilanadi. Mahkumlarga ularni ishga jalb etgan korxona, muassasa va tashkilotlar mablagʻlari hisobidan qoʻshimcha ovqat berilishi mumkin.

Mahkum homilador ayollar, emizikli onalar, voyaga yetmaganlarga, shuningdek I va II guruh nogironligi boʻlgan shaxslarga beriladigan ovqat oshirilgan normalarda belgilanadi. Tibbiy xulosa asosida ularga qoʻshimcha oziq-ovqat mahsulotlari olishga ruxsat etilishi mumkin.

(85-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2022-yil 17-maydagi OʻRQ-770-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.05.2022-y., 03/22/770/0424-son)

(85-moddaning toʻrtinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2003-yil 30-avgustdagi 535-II-son Qonuniga muvofiq chiqarib tashlangan — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2003-y., 9-10-son, 149-modda)

Manzil-koloniyalarda jazoni oʻtayotgan homilador ayollarga va emizikli onalarga ishdan ozod etilgan davrida respublika budjeti hisobidan ovqat beriladi.

Manzil-koloniyalarda jazoni oʻtayotgan, kasalligi tufayli yoki intizomiy boʻlinmaga kiritilib ishdan ozod qilingan mahkumlarga manzil-koloniyalarning korxonalari, muassasalari va tashkilotlari hisobidan ovqat berilib, ovqatning qiymati keyinchalik mahkumlarning oylik ish haqidan ushlab qolinadi.

(85-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 28-avgustdagi OʻRQ-558-sonli Qonuniga asosan toʻrtinchi va beshinchi qismlar bilan toʻldirilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 29.08.2019-y., 03/19/558/3662-son)