Mahkumlar quyidagi huquqlarga ega:

jazoni oʻtash tartibi va shartlari toʻgʻrisida, oʻz huquqlari va majburiyatlari haqida axborot olish;

jazoni ijro etuvchi muassasa yoki organ maʼmuriyatiga, boshqa davlat organlari va jamoat birlashmalariga oʻz ona tilida yoki boshqa tilda taklif, ariza va shikoyatlar bilan murojaat etish;

oʻz taklif, ariza va shikoyatlariga murojaat etilgan tilda javob olish. Murojaat etilgan tilda javob berishning iloji boʻlmagan taqdirda javob Oʻzbekiston Respublikasining davlat tilida beriladi. Javobni intizomiy qismga joʻnatish va ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxs murojaat etgan tilga tarjima qilib berish jazoni ijro etuvchi muassasa yoki organ tomonidan taʼminlanadi;

(9-moddaning birinchi qismi toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2017-yil 29-martdagi OʻRQ-421-son Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 13-son, 194-modda)

tushuntirish berish hamda yozishmalar olib borish, zarur hollarda tarjimonning shu jumladan surdotarjimonning xizmatidan foydalanish;

(9-modda birinchi qismining beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2023-yil 15-fevraldagi OʻRQ-817-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.02.2023-y., 03/23/817/0091-son)

oʻquv, badiiy va boshqa xil axborot materiallaridan foydalanish;

sogʻligʻini saqlash, shu jumladan tibbiy xulosaga koʻra ambulatoriya-poliklinika va statsionar sharoitda tibbiy yordam olish;

ob-havo sharoiti yoʻl qoʻysa, ishdan boʻsh vaqtida toza havoda jismoniy mashqlar bilan shugʻullanish;

jazoni ijro etish muassasasining psixologik xizmat koʻrsatish xodimlari tomonidan koʻrsatiladigan psixologik yordamni olish. Ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslarning psixologik yordam koʻrsatish bilan bogʻliq tadbirlarda ishtirok etishi faqat ularning roziligi bilan amalga oshiriladi;

mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq xavfsiz mehnat sharoitiga ega boʻlish, dam olish, taʼtilga chiqish, shuningdek mehnatiga haq toʻlanishi;

(9-modda birinchi qismining oʻninchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)

ijtimoiy taʼminot, shu jumladan qonunchilikka muvofiq pensiya olish.

(9-modda birinchi qismining oʻn birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)

Mahkum ajnabiy fuqarolar shuningdek oʻz davlatlarining diplomatiya vakolatxonalari va konsullik muassasalari bilan, Oʻzbekiston Respublikasida diplomatiya va konsullik muassasalari boʻlmagan mamlakatlarning fuqarolari esa, ularning manfaatlarini himoya qilishni oʻz zimmasiga olgan davlatning diplomatiya vakolatxonalari bilan aloqa qilib turish huquqiga ega.

Ijtimoiy xavfi katta boʻlmagan va uncha ogʻir boʻlmagan jinoyatlar sodir etganligi uchun ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan mahkumlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatlari saylovlarida hamda referendumda ishtirok etish huquqiga ega.

(9-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 4-sentabrdagi OʻRQ-563-sonli Qonuniga asosan uchinchi qism bilan toʻldirilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 05.09.2019-y., 03/19/563/3685-son)

Mahkumlarning huquqlarini roʻyobga chiqarish tartibi ushbu Kodeks, boshqa qonunchilik bilan belgilanadi.

(9-moddaning toʻrtinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)