(76-moddaning nomi Oʻzbekiston Respublikasining 2017-yil 6-sentabrdagi OʻRQ-442-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 36-son, 943-modda)
Quyidagi hollarda sudya, shuningdek xalq maslahatchisi, prokuror, tergovchi, surishtiruvchi tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organning mansabdor shaxsi, sud majlisining kotibi jinoyat ishini yuritishda ishtirok etishga haqli emas va uni rad qilish lozim, basharti:
(76-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2017-yil 6-sentabrdagi OʻRQ-442-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 36-son, 943-modda)
1) u shu ish boʻyicha jabrlanuvchi, fuqaroviy daʼvogar, fuqaroviy javobgar, ekspert, mutaxassis, tarjimon, xolis, guvoh, himoyachi sifatida, gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining qonuniy vakili yoki jabrlanuvchining, fuqaroviy daʼvogarning, fuqaroviy javobgarning vakili sifatida ishtirok etayotgan yoki ilgari ishtirok etgan boʻlsa;
2) u ushbu ishni yuritish uchun masʼul boʻlgan biror mansabdor shaxsning yoki ushbu modda birinchi qismining 1-bandida koʻrsatilgan oʻzga shaxslarning qarindoshi boʻlsa;
3) uning xolisligiga va begʻarazligiga shubha tugʻdiradigan boshqa holatlar mavjud boʻlsa.
Sudya ilgari shu ishni yuritishda tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organning mansabdor shaxsi surishtiruvchi, tergovchi, prokuror, sud majlisining kotibi sifatida ishtirok etgan boʻlsa, oʻsha ishni kelgusida koʻrishda qatnasha olmaydi.
(76-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2017-yil 6-sentabrdagi OʻRQ-442-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 36-son, 943-modda)
Birinchi, apellyatsiya, kassatsiya va taftish instansiyasi sudida ishni koʻrishda ishtirok etgan sudya oʻz ishtirokida chiqarilgan hukm, ajrim bekor qilinganidan keyin oʻsha ishni koʻrishda ishtirok eta olmaydi.
(76-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2023 yil 27 sentabrdagi OʻRQ-869-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.09.2023-y., 03/23/869/0730-son — 2024 yil 1 yanvardan kuchga kiradi)
Jinoyat ishini birinchi instansiya sudida koʻrishda ishtirok etgan sudya shu jinoyat ishini apellyatsiya, kassatsiya va taftish instansiyasi sudida koʻrishda ishtirok eta olmaydi.
(76-moddaning toʻrtinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2023 yil 27 sentabrdagi OʻRQ-869-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.09.2023-y., 03/23/869/0730-son — 2024 yil 1 yanvardan kuchga kiradi)
Jinoyat ishini apellyatsiya instansiyasi sudida koʻrishda ishtirok etgan sudya shu jinoyat ishini birinchi instansiya yoki taftish instansiyasi sudida koʻrishda ishtirok eta olmaydi.
(76-moddaning beshinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2023 yil 27 sentabrdagi OʻRQ-869-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.09.2023-y., 03/23/869/0730-son — 2024 yil 1 yanvardan kuchga kiradi)
Jinoyat ishini kassatsiya instansiyasi sudida koʻrishda ishtirok etgan sudya shu jinoyat ishini birinchi instansiya yoki taftish instansiyasi sudida koʻrishda ishtirok etishi mumkin emas.
(76-moddaning oltinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2023 yil 27 sentabrdagi OʻRQ-869-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.09.2023-y., 03/23/869/0730-son — 2024 yil 1 yanvardan kuchga kiradi)
Jinoyat ishini taftish instansiyasi sudida koʻrishda ishtirok etgan sudya ushbu jinoyat ishini birinchi instansiya, apellyatsiya yoki kassatsiya instansiyasi sudida koʻrishda, shuningdek ishni yuqori instansiya sudida taftish tartibida qayta koʻrishda ishtirok etishi mumkin emas.
(76-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2023 yil 27 sentabrdagi OʻRQ-869-sonli Qonuniga asosan yettinchi qism bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.09.2023-y., 03/23/869/0730-son — 2024 yil 1 yanvardan kuchga kiradi)
Surishtiruvchining, tergovchining, shuningdek sud majlisi kotibining oʻz protsessual majburiyatlarini bajarishi ularning shu ish boʻyicha tegishincha surishtiruvni, dastlabki tergovni yuritishda takroran ishtirok etishi, shuningdek sud majlisi bayonnomasini yuritishi uchun monelik qilmaydi.
(76-moddaning uchinchi — sakkizinchi qismlari Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 12-yanvardagi OʻRQ-664-sonli Qonuniga asosan uchinchi — yettinchi qismlar bilan almashtirilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.01.2021-y., 03/21/664/0014-son)