Maʼmuriy jazo qoʻllanish toʻgʻrisidagi qaror, basharti ushbu Kodeksda va Oʻzbekiston Respublikasining boshqa qonunchiligida oʻzgacha qoida belgilanmagan boʻlsa, chiqarilgan paytdan boshlab ijro etilishi lozim.

(326-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)

Maʼmuriy jazo qoʻllanish toʻgʻrisidagi qaror ustidan apellyatsiya tartibida shikoyat berilgan yoki protest bildirilgan taqdirda bu qaror berilgan shikoyat yoki bildirilgan protest qanoatlantirishsiz qoldirilgandan keyin ijro etilishi kerak. Maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etilgan joyning oʻzida undirib olinadigan jarima solish toʻgʻrisidagi qaror bundan mustasnodir.

(326-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 12-yanvardagi OʻRQ-665-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.01.2021-y., 03/21/665/0015-son)

Jarima solish toʻgʻrisidagi qaror uni ixtiyoriy ravishda bajarishning ushbu Kodeksning 332-moddasida belgilangan muddati oʻtib ketganidan keyin majburiy ravishda ijro etiladi.

(326-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 23-maydagi OʻRQ-542-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 24.05.2019-y., 03/19/542/3177-son)

Maʼmuriy jazo qoʻllanish toʻgʻrisidagi qaror uni chiqargan organ (mansabdor shaxs) tomonidan ijro etishga qaratiladi.