Huquqbuzar jarimani ushbu Kodeksning 332-moddasida belgilangan muddat ichida toʻlamagan taqdirda, jarima solish toʻgʻrisidagi qaror sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish toʻgʻrisidagi qonunchilikda belgilab qoʻyilgan qoidalarga muvofiq jarimani uning ish haqi yoki boshqa maoshidan, nafaqasidan yoki stipendiyasidan majburiy tartibda undirib olish uchun yuboriladi.
(333-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Basharti jarima solingan shaxs ishlamayotgan boʻlsa yoxud jarimani huquqbuzarning ish haqi yoki boshqa daromadidan, pensiyasi yoki stipendiyasidan boshqa sabablarga koʻra undirib olishning iloji boʻlmasa, uni undirib olish davlat ijrochisi tomonidan jarima solish toʻgʻrisida tegishli organ (mansabdor shaxs) chiqargan qaror asosida huquqbuzarning mulkidan, shuningdek umumiy mulkdagi uning hissasidan undirib olish yoʻli bilan amalga oshiriladi.
(333-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2017-yil 16-oktabrdagi OʻRQ-448-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 2017-y.)
Jarima Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq ijro hujjatlari boʻyicha undirib olinishi mumkin boʻlmagan mol-mulkdan undirib olinishi mumkin emas.
(333-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)