Maʼmuriy jazo huquqbuzarlik sodir etilgan kundan boshlab, davom etayotgan huquqbuzarliklar uchun esa, huquqbuzarlik aniqlangan kundan boshlab bir yildan kechiktirmay qoʻllanilishi mumkin.

(36-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2015-yil 10-avgustdagi OʻRQ-389-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2015-y., 32-son, 425-modda)

Jinoyat ishini qoʻzgʻatish rad etilgan yoki jinoyat ishi tugatilgan boʻlsa-yu, lekin huquqbuzarning harakatlarida maʼmuriy huquqbuzarlik alomatlari mavjud boʻlsa, maʼmuriy jazo chorasi jinoyat ishi qoʻzgʻatishni rad etish yoki jinoyat ishini tugatish toʻgʻrisida, agar ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan muddatlar oʻtmagan boʻlsa, qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran bir oydan kechiktirmay qoʻllanilishi mumkin.

(36-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2018-yil 29-yanvardagi OʻRQ-463-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 30.01.2018-y., 03/18/463/0634-son — 2018-yil 1-apreldan kuchga kiradi)

Yoʻl harakati qoidalari buzilganligi maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali qayd etilgan hollarda maʼmuriy jazo huquqbuzarlik sodir etilgan kundan eʼtiboran bir oydan kechiktirmay, maʼmuriy javobgarlikka tortish toʻgʻrisidagi qaror ustidan shikoyat qilinganda esa huquqbuzarlik sodir etilgan kundan eʼtiboran bir yildan kechiktirmay qoʻllanilishi mumkin.

(36-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 4-fevraldagi OʻRQ-1116-sonli Qonuniga asosan uchinchi qism bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.02.2026-y., 03/26/1116/0110-son)

Ushbu moddada nazarda tutilgan muddatlar ashyolarni bojxona munosabatlarini tartibga soladigan qonunchilik asosida musodara qilish hollariga nisbatan tatbiq etilmaydi.

(36-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)