(9-moddaning nomi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etgan shaxs bu huquqbuzarlik sodir etilgan vaqt va joyda amal qilayotgan qonunchilikka asosan javobgarlikka tortiladi, bundan ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan hollar mustasno.
(9-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2023-yil 15-martdagi OʻRQ-823-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.03.2023-y., 03/23/823/0150-son — 2023-yil 16-iyundan kuchga kiradi)
Oʻzbekiston Respublikasining bayrogʻi ostidagi yoki Oʻzbekiston Respublikasining portida roʻyxatga olingan va Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqarida ochiq havo yoki suv boʻshligʻida boʻlgan kemada maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etgan shaxs, agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, ushbu Kodeksga muvofiq maʼmuriy javobgarlikka tortiladi.
(9-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2008-yil 8-apreldagi OʻRQ-145-sonli Qonuni asosida ikkinchi qism bilan toʻldirilgan — OʻR QHT, 2008-y., 14-15-son, 88-modda)
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashovchi fuqaroligi boʻlmagan shaxslar, agar ular chet davlat hududida huquqbuzarlik sodir etgan va ushbu Kodeksning 47⁶-moddasida nazarda tutilgan maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etganligi uchun oʻsha davlatning qonunchiligiga muvofiq javobgarlikka tortilmagan boʻlsa, ushbu Kodeksga muvofiq maʼmuriy javobgarlikka tortiladi.
(9-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2023-yil 15-martdagi OʻRQ-823-sonli Qonuniga asosan uchinchi qism bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.03.2023-y., 03/23/823/0150-son — 2023-yil 16-iyundan kuchga kiradi)
Maʼmuriy huquqbuzarlik uchun javobgarlikni yengillashtiruvchi yoki bekor qiluvchi hujjatlar orqaga qaytish kuchiga egadir, yaʼni ushbu hujjatlar chiqqunga qadar sodir etilgan huquqbuzarlik hollariga ham taalluqlidir. Maʼmuriy huquqbuzarlik uchun javobgarlikni belgilovchi yoki javobgarlikni kuchaytiruvchi hujjatlar esa orqaga qaytish kuchiga ega boʻlmaydi.
Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishlar huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish koʻrilayotgan vaqt va joyda amal qilib turgan qonunchilik asosida yuritiladi.
(9-moddaning toʻrtinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy Qonuni bilan maxsus huquqiy rejim oʻrnatilgan hududda valyuta qimmatliklari, bojxona, soliq, qimmatli qogʻozlar bozori, raqobat hamda kripto-aktivlar aylanmasi toʻgʻrisidagi qonunchilikni, shuningdek savdo yoki xizmat koʻrsatish qoidalarini buzish bilan bogʻliq qilmishlar uchun maʼmuriy javobgarlik oʻrniga Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy Qonuniga muvofiq boshqa turdagi javobgarlik choralari qoʻllanilishi mumkin.
(9-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 13-iyuldagi OʻRQ-1158-sonli Konstitutsiyaviy Qonuniga asosan oltinchi qism bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 14.07.2026-y., 03/26/1158/0727-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 25-iyul)
Daxlsizlikka, immunitetga ega boʻlgan shaxslarning maʼmuriy javobgarligi masalasi Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq hal qilinadi.
(9-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 14-oktabrdagi OʻRQ-1182-sonli Qonuniga asosan yettinchi qism bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.10.2026-y., 03/26/1182/1034-son)