Sud quyidagi hollarda arizani (shikoyatni) koʻrmasdan qoldiradi, agar:

1) fuqarolik ishlari boʻyicha sud, maʼmuriy sud ish yurituvida ayni bir shaxslar oʻrtasidagi, ayni bir predmet toʻgʻrisidagi va ayni bir asoslar boʻyicha nizo yuzasidan ish mavjud boʻlsa;

2) ariza (shikoyat) imzolanmagan boʻlsa yoki uni imzolash huquqiga ega boʻlmagan shaxs tomonidan yoxud mansab mavqeyi yoki familiyasi, ism-sharifining bosh harflari koʻrsatilmagan shaxs tomonidan imzolangan boʻlsa;

2¹) dastlabki eshituv natijasi boʻyicha arizachi arizani koʻrmasdan qoldirish haqida arz qilgan boʻlsa;

(105-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 14-avgustdagi OʻRQ-1165-sonli Qonuniga asosan 2¹-band bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 14.08.2026-y., 03/26/1165/0841-son)

3) arizachi birinchi sud majlisiga kelmagan va ishni oʻzining ishtirokisiz koʻrilishi toʻgʻrisida arz qilmagan boʻlsa;

4) arizachining manfaatlarini koʻzlab prokuror, davlat organi va boshqa shaxs tomonidan arz qilingan talabdan arizachi voz kechgan boʻlsa;

5) ariza (shikoyat) sud muomalaga layoqatsiz deb topgan shaxs tomonidan berilgan boʻlsa.

(105-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2023-yil 26-apreldagi OʻRQ-833-sonli Qonuniga asosan 5-band bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.04.2023-y., 03/23/833/0236-son)