Sud quyidagi hollarda ish yuritishni tugatadi, agar:

1) ish maʼmuriy sudga, fuqarolik ishlari boʻyicha sudga yoki iqtisodiy sudga taalluqli boʻlmasa;

(108-moddaning 1-bandi Oʻzbekiston Respublikasining 2023-yil 26-apreldagi OʻRQ-833-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.04.2023-y., 03/23/833/0236-son)

2) sudning ayni bir shaxslar oʻrtasidagi, ayni bir predmet toʻgʻrisidagi va ayni bir asoslar boʻyicha nizo yuzasidan qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarori mavjud boʻlsa;

3) arizachi boʻlgan yuridik shaxs tugatilgan boʻlsa;

4) ishda taraf hisoblangan fuqaroning vafot etganidan soʻng nizoli huquqiy munosabat huquqiy vorislikka yoʻl qoʻymasa;

5) arizachi talabidan voz kechgan va sud uni qabul qilgan boʻlsa;

6) davlat roʻyxatidan oʻtishni rad etish yoki bundan boʻyin tovlash toʻgʻrisidagi arizani (shikoyatni) koʻrilayotganda huquq toʻgʻrisida nizo kelib chiqqan boʻlsa;

7) toʻplangan materiallarning yoʻqotilgan sud ishini yoki ijro ishini yuritishni tiklash uchun yetarli emasligi;

8) kelishuv bitimi tuzilgan va u sud tomonidan tasdiqlangan boʻlsa.

(108-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2023-yil 26-apreldagi OʻRQ-833-sonli Qonuniga asosan 8-band bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.04.2023-y., 03/23/833/0236-son)