Sud hujjatlari qonuniy kuchga kirgach ijroga qaratiladi, bundan qonunchilikda belgilangan tartibda darhol ijro etish hollari mustasno.
(276-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Sud hujjatining ijrosi hal qiluv qarori (qarori) asosida, pul mablagʻlarini majburiy undirish boʻyicha sud hujjatining ijrosi esa sud tomonidan beriladigan ijro varaqasi asosida amalga oshiriladi.
Qonuniy kuchga kirgan sud hujjatlari, agar sud tomonidan boshqa muddat belgilanmagan boʻlsa, ular qonuniy kuchga kirgan kundan eʼtiboran bir oy ichida maʼmuriy organlar, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari va boshqa organlar, tashkilotlar, shuningdek mansabdor shaxslar tomonidan ijro etilishi lozim. Maʼmuriy organlar, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari va boshqa organlar, tashkilotlar, shuningdek mansabdor shaxslar sud hujjati ijro etilganligi toʻgʻrisida sudni xabardor qilishi shart.
Sud hujjati ijro etilmagan taqdirda, ushbu Kodeksning 14-bobida belgilangan tartibda va miqdorda birinchi instansiya sudi tomonidan sud jarimasi solinadi hamda sud hujjatini ijro etish uchun bir oydan oshmaydigan takroriy muddat beriladi.
(276-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2023-yil 26-apreldagi OʻRQ-833-sonli Qonuniga asosan uchinchi va toʻrtinchi qismlar bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.04.2023-y., 03/23/833/0236-son)