Ishga doir biror-bir holatdan xabardor har qanday shaxs guvoh boʻlishi mumkin.
Quyidagilar guvoh sifatida chaqirilishi va soʻroq qilinishi mumkin emas:
fuqarolik, iqtisodiy, maʼmuriy ish boʻyicha vakillar yoki jinoyat ishi boʻyicha himoyachilar, maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish boʻyicha advokatlar — vakil, himoyachi yoki advokat vazifalarini bajarishi munosabati bilan oʻzlariga maʼlum boʻlib qolgan holatlar toʻgʻrisida;
jismoniy nuqsonlari yoki ruhiy holatining buzilganligi sababli faktlarni toʻgʻri idrok qilishga yoki ular haqida toʻgʻri koʻrsatuvlar berishga layoqatsiz shaxslar.
(50-modda ikkinchi qismining uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 12-sentabrdagi OʻRQ-567-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.09.2019-y., 03/19/567/3737-son)