Koʻp kvartirali uydagi turar joylar mulkdorlari umumiy mol-mulkni saqlash xarajatlarini oʻtgan oydan keyingi oyning oʻninchi kunidan kechiktirmay toʻlaydi.

Davlat uy-joy fondining koʻp kvartirali uyidagi joylarni ijaraga, arendaga oluvchilar shu uydagi umumiy foydalanishdagi mol-mulkni saqlash haqini ijaraga, arendaga berish shartnomasi shartlariga muvofiq, biroq oʻtgan oydan keyingi oyning oʻninchi kunidan kechiktirmay toʻlaydi.

Davlat va xususiy uy-joy fondlarida koʻrsatiladigan kommunal xizmatlar uchun majburiy toʻlovlar toʻlash oʻtgan oydan keyingi oyning oʻninchi kunidan kechiktirmay har oyda amalga oshirilishi kerak, bundan suv taʼminoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish xizmatlari mustasno.

(134-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 29-avgustdagi OʻRQ-951-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.08.2024-y., 03/24/951/0673-son)

Davlat va xususiy uy-joy fondlarida koʻrsatiladigan suv taʼminoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish xizmatlari uchun majburiy toʻlovlar oldindan 100 foizlik haq toʻlash asosida amalga oshirilishi kerak.

(134-moddaning toʻrtinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 29-avgustdagi OʻRQ-951-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.08.2024-y., 03/24/951/0673-son)

Koʻrsatiladigan kommunal xizmatlar uchun majburiy toʻlovlar ushbu moddaning uchinchi qismida belgilangan muddatda toʻlanmagan taqdirda, davlat va xususiy uy-joy fondlaridagi joylarning mulkdorlari, ijaraga, arendaga oluvchilari kechiktirilgan har bir kunga yuridik shaxslar uchun 0,4 foiz, jismoniy shaxslar uchun 0,1 foiz miqdorida, biroq kechiktirilgan toʻlov summasining 50 foizidan koʻp boʻlmagan miqdorda penya toʻlaydi.

Agar shirkat, boshqaruvchi yoki boshqaruvchi tashkilot koʻp kvartirali uyning kommunal xizmatlar buyurtmachisi boʻlsa, ularga penya miqdorlari boʻyicha ushbu moddaning beshinchi qismida jismoniy shaxslar uchun belgilangan norma qoʻllaniladi.

(134-moddaning oltinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 14-noyabrdagi OʻRQ-584-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 15.11.2019-y., 03/19/584/4025-son — 2020-yil 1-avgustdan kuchga kiradi)

Davlat va xususiy uy-joy fondlaridagi joylarning mulkdorlariga, ijaraga, arendaga oluvchilariga kommunal xizmatlar koʻrsatish majburiy toʻlovlar uch oydan ortiq toʻlanmagan taqdirda toʻxtatib turiladi, bundan suv taʼminoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish xizmatlari, qattiq va suyuq maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqish xizmatlari, shuningdek elektr energiyasi va tabiiy gaz yetkazib berish mustasno.

(134-moddaning yettinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 7-martdagi OʻRQ-1044-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.03.2025-y., 03/25/1044/0224-son. Kuchga kirish sanasi — 2025-yil 8-iyun)

Davlat va xususiy uy-joy fondlaridagi joylarning mulkdorlariga, ijaraga, arendaga oluvchilariga suv taʼminoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish xizmatlari uchun oldindan 100 foizlik haq toʻlash amalga oshirilmagan taqdirda, suv taʼminoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish tizimlaridan toʻliq uzib qoʻyishgacha boʻlgan choralar koʻriladi.

(134-moddaning sakkizinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 29-avgustdagi OʻRQ-951-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.08.2024-y., 03/24/951/0673-son)

Davlat va xususiy uy-joy fondlaridagi joylarning mulkdorlariga, ijaraga, arendaga oluvchilariga elektr energiyasi va tabiiy gaz yetkazib berganlik uchun ushbu moddaning uchinchi qismida belgilangan muddatda majburiy toʻlovlar toʻlanmagan taqdirda, elektr va gaz taqsimlash tarmoqlaridan toʻliq uzib qoʻyishgacha boʻlgan choralar koʻriladi.

(134-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2018-yil 16-oktabrdagi OʻRQ-500-sonli Qonuniga asosan sakkizinchi va toʻqqizinchi qismlar bilan toʻldirilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 17.10.2018-y., 03/18/500/2057-son)