Uy-joy qurish yoki uy-joy kooperativi aʼzosiga kooperativ aʼzolarining umumiy yigʻilishi qaroriga koʻra, pay badali miqdoriga muvofiq, bir yoki bir necha xonadan iborat boʻlgan alohida kvartira beriladi.
Uy-joy qurish va uy-joy kooperativlari uyidagi kvartiralarga mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organi beradigan orderga muvofiq koʻchib kiriladi. Order berishni rad etish ustidan sud tartibida shikoyat qilinishi mumkin.
(99-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 30-dekabrdagi OʻRQ-1109-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2025-y., 03/25/1109/1241-son)
Uy-joy qurish va uy-joy kooperativi pay badali turar joyning qurilish yoki xarid qiymati umumiy summasiga teng boʻlgan mulkiy (pul) badali hisoblanadi. Uy-joy qurish kooperativi aʼzolariga beriladigan kvartiralarning qiymati uyni qurish uchun amalda qilingan xarajatlardan kelib chiqqan holda belgilanadi.
Pay badali uy-joy qurish yoki uy-joy kooperativi aʼzosi tomonidan bir yoʻla yoki boʻlib-boʻlib toʻlanadi.
Uy-joy qurish yoki uy-joy kooperativi aʼzosi pay badalining qolgan qismini muddatidan oldin toʻlash huquqiga egadir.