Yer, yer osti boyliklari, suv, havo boʻshligʻi, oʻsimlik va hayvonot dunyosi hamda boshqa tabiiy boyliklar, davlat hokimiyati va boshqaruvi respublika organlarining mol-mulki, davlat ahamiyatiga ega boʻlgan moddiy madaniy meros obyektlari, respublika budjetining mablagʻlari, oltin zaxirasi, davlatning valyuta fondi va boshqa fondlari respublika mulkidir, shuningdek korxonalar va boshqa mulkiy komplekslar, oʻquv, ilmiy, ilmiy-tadqiqot muassasalari va tashkilotlari, intellektual faoliyat natijalari, basharti bular budjet yoki davlatning oʻzga mablagʻlari hisobidan yaratilgan yoki sotib olingan boʻlsa, boshqa mol-mulk respublika mulki boʻlishi mumkin.

(214-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2018-yil 18-apreldagi OʻRQ-476-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 19.04.2018-y., 03/18/476/1087-son)

Respublika mulki boʻlgan mol-mulkni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati yoki ular maxsus vakil qilgan organlar, agar qonunda boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, tasarruf qiladilar.

Respublika mulki boʻlgan mol-mulk davlat yuridik shaxslariga operativ boshqarish huquqi asosida biriktirib qoʻyilishi mumkin.

(214-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 7-fevraldagi OʻRQ-1025-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.02.2025-y., 03/25/1025/0116-son. Kuchga kirish sanasi — 2025-yil 8-may)

Respublika mulki respublika budjetiga tushadigan soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar hisobidan, shuningdek qonun hujjatlarida nazarda tutilgan asoslarga koʻra boshqa tushumlar hisobidan tashkil etiladi.

(214-moddaning toʻrtinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)

Respublika mulki obyektlari qonunchilikda belgilab qoʻyilgan tartibda va shartlar asosida xususiy mulk qilib berilishi mumkin.

(214-moddaning beshinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)