Xoʻjalik shirkati yoki jamiyatining ishtirokchilari quyidagilarga haqlidirlar:
shirkatning yoki jamiyatning ishlarini boshqarishda qatnashish, boshqa qonunlarda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno;
taʼsis hujjatlarida belgilab qoʻyilgan tartibda shirkatning yoki jamiyatning faoliyati toʻgʻrisida axborot olish hamda uning buxgalteriya daftarlari va boshqa hujjatlari bilan tanishish;
foydani taqsimlashda qatnashish;
shirkat yoki jamiyat tugatilgan taqdirda, kreditorlar bilan hisob-kitob qilinganidan keyin qolgan mol-mulkning bir qismini yoki uning qiymatini olish.
Xoʻjalik shirkati yoki jamiyatining ishtirokchilari ushbu Kodeksda, boshqa qonunchilikda, shirkat yoki jamiyatning taʼsis hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa huquqlarga ham ega boʻlishlari mumkin.
(59-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Xoʻjalik shirkati yoki jamiyatining ishtirokchilari:
taʼsis hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda, miqdorda, usullarda va muddatlarda hissa qoʻshishlari;
shirkat yoki jamiyatning faoliyati toʻgʻrisidagi maxfiy axborotni oshkor qilmasliklari shart.
Xoʻjalik shirkati yoki jamiyati ishtirokchilarining shirkat yoki jamiyat taʼsis hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa burchlari ham boʻlishi mumkin.