Ustav fondi muayyan aksiyalar soniga boʻlingan jamiyat aksiyadorlik jamiyati hisoblanadi; aksiyadorlik jamiyatining ishtirokchilari (aksiyadorlar) uning majburiyatlari boʻyicha javob bermaydilar va jamiyat faoliyati bilan bogʻliq zarar uchun oʻzlariga qarashli aksiyalar qiymati doirasida javobgar boʻladilar.

Aksiyalar haqini batamom toʻlamagan aksiyadorlar aksiyadorlik jamiyatining majburiyatlari boʻyicha oʻzlariga qarashli aksiyalar qiymatining toʻlanmagan qismi doirasida solidar javobgar boʻladilar.

Aksiyadorlik jamiyatining firma nomida jamiyatning nomi hamda bu jamiyat aksiyadorlik jamiyati ekanligi oʻz ifodasini topishi kerak.

Aksiyadorlik jamiyatining huquqiy mavqeyi hamda aksiyadorlarning huquq va burchlari ushbu Kodeks va boshqa qonun hujjatlari bilan belgilanadi.

(64-moddaning toʻrtinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)

(65 va 66-moddalar Oʻzbekiston Respublikasining 2014-yil 14-maydagi OʻRQ-372-sonli Qonuniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2014-y., 20-son, 222-modda)