Mahkumlarni mehnatga jalb etishdan asosiy maqsad ularda ijtimoiy-foydali faoliyat bilan shugʻullanish ehtiyojini shakllantirishdan iborat.

Ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslar jinsi, yoshi, sogʻligʻining holati, mehnat qobiliyati va iloji boricha, ixtisosligi hisobga olingan holda ishlashi kerak. Mahkumlarning mehnatga oid munosabatlari mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilik bilan, ushbu Kodeksda nazarda tutilgan istisno va cheklashlarni hisobga olgan holda, tartibga solinadi.

(88-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2023-yil 15-fevraldagi OʻRQ-817-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.02.2023-y., 03/23/817/0091-son)

Ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslar, odatda, jazoni ijro etish muassasalari va ular tashkilotlarining korxonalarida, ayrim hollarda esa, kerakli tarzda qoʻriqlash va batamom ajratib qoʻyish taʼminlangan taqdirda, boshqa korxonalarda mehnatga jalb etiladi. Mahkumlarning xususiy shaxslar foydasiga mehnat qilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.

(88-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 23-maydagi OʻRQ-542-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 24.05.2019-y., 03/19/542/3177-son)

Oltmish yoshdan oshgan erkaklar, ellik besh yoshdan oshgan ayollar, I va II guruh nogironligi boʻlgan shaxslar mehnatga oʻz xohishlariga koʻra jalb etiladilar.

(88-moddaning toʻrtinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2022-yil 17-maydagi OʻRQ-770-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.05.2022-y., 03/22/770/0424-son)

Mahkuma ayollar homiladorlik va tugʻish munosabati bilan qonunchilikda belgilangan muddatga ishdan ozod qilinadilar.

(88-moddaning beshinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)

Mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikda bajarish taqiqlangan ishlarda ayol va voyaga yetmagan mahkumlar mehnatidan foydalanishga yoʻl qoʻyilmaydi.

(88-moddaning oltinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)

Mahkumlardan foydalanish taqiqlangan ishlar va lavozimlar roʻyxati qonunchilik bilan belgilab qoʻyiladi.

(88-moddaning yettinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)

Mahkumlar topshirilgan ishni halol, vijdonan bajarishga, mehnat va texnologiya intizomiga, mehnatni muhofaza qilish boʻyicha talablarga rioya etishlari shart. Ularning mehnatga oid va boshqa nizolarni hal etish maqsadida ishni toʻxtatib qoʻyishi taqiqlanadi.