Qonuniy vakil ishda ishtirok etishga voyaga yetmagan yoxud belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz deb eʼtirof etilgan gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining yoki jabrlanuvchining huquq va manfaatlarini himoya qilish uchun jalb qilinadi.

Ishda qonuniy vakil sifatida ota-onalar, farzandlikka olganlar, vasiylar, homiylar, voyaga yetmaganga yoki belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz deb eʼtirof etilgan ishtirokchiga vasiylik yoki homiylik qiluvchi muassasalar va tashkilotlarning vakillari qatnashishlari mumkin. Gumon qilinuvchining, ayblanuvchining va sudlanuvchining qonuniy vakili ishda gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi bilan birga, jabrlanuvchining qonuniy vakili esa jabrlanuvchi bilan birga, shuningdek uning oʻrnida ham ishtirok etadi.

(60-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 11-sentabrdagi OʻRQ-1174-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.09.2026-y., 03/26/1174/0920-son)

Voyaga yetmagan gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining yoki jabrlanuvchining iltimosiga koʻra, ishda ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan shaxslar bilan bir qatorda uning katta yoshdagi yaqin qarindoshlaridan birining yoki oʻzi ishonadigan boshqa shaxsning qonuniy vakil sifatida ishtirok etishiga yoʻl qoʻyilishi mumkin.

(60-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 6-dekabrdagi OʻRQ-587-sonli Qonuniga asosan uchinchi qism bilan toʻldirilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 07.12.2019-y., 03/19/587/4122-son)

Qonuniy vakilning ishda ishtirok etishiga yoʻl qoʻyilganligi haqida surishtiruvchi, tergovchi, prokuror qaror, sud esa ajrim chiqaradi. Gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining yoki jabrlanuvchining manfaatlari bilan qonuniy vakilning manfaatlari oʻzaro mos kelmagan taqdirda, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi yoki jabrlanuvchi tarafida ishda ishtirok etish uchun xuddi oʻsha qaror yoxud ajrim bilan advokatni jalb etish choralari koʻriladi.

(60-moddaning toʻrtinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 27-fevraldagi OʻRQ-915-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.02.2024-y., 03/24/915/0160-son)