Uchuvchisiz uchadigan apparatlarni, ularning butlovchi va ehtiyot qismlarini qonunga xilof ravishda olib kirish, oʻtkazish, olish, saqlash yoki ulardan foydalanish, shunday harakatlar uchun maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin sodir etilgan boʻlsa, —

bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravaridan ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

(244⁴-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 15-martdagi OʻRQ-921-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.03.2024-y., 03/24/921/0219-son — 2024-yil 17-iyundan kuchga kiradi)

Oʻsha harakatlar:

a) takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan;

b) shaxsning oʻz xizmat mavqeyidan foydalanib;

v) bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan boʻlsa;

g) badanga oʻrtacha ogʻir yoki ogʻir shikast yetkazilishiga sabab boʻlsa, —

uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

(244⁴-moddaning ikkinchi qismining sanksiyasi Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 15-martdagi OʻRQ-921-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.03.2024-y., 03/24/921/0219-son — 2024-yil 17-iyundan kuchga kiradi)

Oʻsha harakatlar odam oʻlishiga sabab boʻlsa, —

besh yildan sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Oʻsha harakatlar:

a) odamlar oʻlimiga;

b) halokatga;

v) boshqa ogʻir oqibatlarga sabab boʻlsa, —

sakkiz yildan oʻn yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan harakatlarni sodir etgan shaxs, agar u uchuvchisiz uchadigan apparatlarni, ularning butlovchi va ehtiyot qismlarini oʻz ixtiyori bilan topshirsa, javobgarlikdan ozod qilinadi.

(244⁴-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 2-maydagi OʻRQ-534-sonli Qonuniga asosan kiritilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 03.05.2019-y., 03/19/534/3046-son — 2019-yil 4-noyabrdan kuchga kiradi)