Jinoyat sodir etishda aybli deb topilgan shaxslarga nisbatan quyidagi asosiy jazolar qoʻllanilishi mumkin:

a) jarima;

b) muayyan huquqdan mahrum qilish;

b¹) majburiy jamoat ishlari;

(43-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2017-yil 29-martdagi OʻRQ-421-sonli Qonuniga asosan “b¹” band bilan toʻldirilgan — OʻR QHT, 2017-y., 13-son, 194-modda)

v) axloq tuzatish ishlari;

g) xizmat boʻyicha cheklash;

(43-moddaning “d” bandi Oʻzbekiston Respublikasining 2017-yil 29-martdagi OʻRQ-421-sonli Qonuniga asosan chiqarilgan — OʻR QHT, 2017-y., 13-son, 194-modda)

d¹) ozodlikni cheklash;

(43-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2015-yil 10-avgustdagi OʻRQ-389-sonli Qonuniga asosan “d¹” band bilan toʻldirildi — OʻR QHT, 2015-y., 32-son, 425-modda)

e) intizomiy qismga joʻnatish;

j) ozodlikdan mahrum qilish;

z) umrbod ozodlikdan mahrum qilish.

(43-moddaning birinchi qismining “z” bandi Oʻzbekiston Respublikasining 2007-yil 11-iyuldagi OʻRQ-99-sonli Qonuni tahririda — Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2007-y., 6-son, 248-modda)

Mahkumlarga asosiy jazolardan tashqari harbiy yoki maxsus unvondan mahrum qilish tarzidagi qoʻshimcha jazo ham qoʻllanilishi mumkin.

(43-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2001-yil 29-avgustdagi 254-II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2001-y., 9-10-son, 165-modda)

Xizmat boʻyicha cheklash yoki intizomiy qismga joʻnatish tariqasidagi jazolar faqat harbiy xizmatchilarga nisbatan qoʻllaniladi.

Muayyan huquqdan mahrum qilish faqat asosiy jazo sifatidagina emas, balki qoʻshimcha jazo tariqasida ham qoʻllanilishi mumkin.