Xotiniga (eriga), sobiq xotiniga (sobiq eriga), bir roʻzgʻor asosida birgalikda yashayotgan shaxsga yoki umumiy farzandga ega boʻlgan shaxsga nisbatan sodir etilgan mulk, taʼlim olish, sogʻliqni saqlash va (yoki) mehnatga oid huquqni amalga oshirishga toʻsqinlik qilish, mol-mulkiga va shaxsiy ashyolariga qasddan shikast yetkazish, xuddi shuningdek ushbu shaxslar sogʻligʻining yomonlashuviga olib kelgan tarzda ularning shaʼni va qadr-qimmatini tahqirlash, ularni qoʻrqitish, yaqin qarindoshlaridan ajratib qoʻyish, basharti jinoyat alomatlari, shuningdek ushbu Kodeksda nazarda tutilgan boshqa huquqbuzarliklar alomatlari mavjud boʻlmasa, —

bazaviy hisoblash miqdorining oʻn baravaridan yigirma baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki oʻn sutkagacha muddatga maʼmuriy qamoqqa olishga sabab boʻladi.

Xotinini (erini), sobiq xotinini (sobiq erini), bir roʻzgʻor asosida birgalikda yashayotgan shaxsni yoki bolani, shuningdek umumiy farzandga ega boʻlgan shaxsni doʻpposlash, ushbu shaxslarga sogʻliqning qisqa muddatga yomonlashuviga yoki mehnat qobiliyatining uncha uzoq boʻlmagan muddatga yoʻqolishiga olib kelmagan qasddan badanga yengil shikast yetkazish, —

(59²-modda ikkinchi qismining dispozitsiyasi Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 21-oktabrdagi OʻRQ-978-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.10.2024-y., 03/24/978/0835-son)

bazaviy hisoblash miqdorining oʻn baravaridan yigirma baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki oʻn besh sutkagacha muddatga maʼmuriy qamoqqa olishga sabab boʻladi.

(59²-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2023-yil 11-apreldagi OʻRQ-829-sonli Qonuniga asosan kiritilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.04.2023-y., 03/23/829/0208-son)