Yer uchastkalari davlat yoki jamiyat ehtiyojlari uchun olib qoʻyilishi munosabati bilan fuqarolar mulkida boʻlgan uylar (kvartiralar) buzilgan taqdirda, mulkdorlarga ularning tanlovi boʻyicha va taraflar kelishuviga koʻra, uy-joy maydonining ijtimoiy normasidan kam boʻlmagan sahndagi, barcha qulayliklari boʻlgan, avvalgisiga teng qimmatli boshqa turar joy mulk qilib beriladi hamda dov-daraxtlarning bozor qiymati toʻlanadi yoxud buzilayotgan uy (kvartira), boshqa imoratlar, inshootlar va dov-daraxtlarning bozor qiymati, shuningdek yer uchastkasiga boʻlgan huquqning bozor qiymati toʻliq hajmda toʻlanadi. Buzilayotgan uyning (kvartiraning) yoki yer uchastkasiga boʻlgan huquqning bozor qiymati berilayotgan uy-joyning yoki yer uchastkasiga boʻlgan huquqning bozor qiymatidan ortiq boʻlgan taqdirda, bu farq mulkdorga kompensatsiya qilinishi lozim, berilayotgan uy-joyning yoki yer uchastkasiga boʻlgan huquqning bozor qiymati buzilayotgan uyning (kvartiraning) yoki yer uchastkasiga boʻlgan huquqning bozor qiymatidan ortiq boʻlgan taqdirda esa, ushbu farq mulkdor tomonidan qaytarilishi talab etilmaydi.

(27-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2022-yil 14-martdagi OʻRQ-759-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 14.03.2022-y., 03/22/759/0213-son)

Buzilayotgan uylar oʻrniga turar joyni mulk qilib berish va uylar, boshqa imoratlar, inshootlar hamda dov-daraxtlar qiymatini toʻlash Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.