Turar joy fuqarolar va yuridik shaxslarga egalik qilish va foydalanish uchun arenda shartnomasi asosida berilishi mumkin. Yuridik shaxs turar joydan faqat fuqarolar yashashi uchun foydalanishi mumkin.
(86-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2011-yil 30-dekabrdagi OʻRQ-313-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2011-y., 52-son, 556-modda)
Turar joy arendasi shartnomasi yozma shaklda tuzilishi hamda qonunchilikda belgilangan tartibda hisobga olinishi (roʻyxatdan oʻtkazilishi) lozim.
(86-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
(86-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2018-yil 11-oktabrdagi OʻRQ-497-sonli Qonuniga asosan chiqarilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 12.10.2018-y., 03/18/497/2044-son — 2019-yil 1-yanvardan kuchga kiradi)
Turar joy arendasi shartnomasi quyidagilarni oʻz ichiga olishi kerak:
turar-joyni arendaga berish tartibi va uning qiymati;
turar joy arendasining muddatlari;
turar joyni arendaga berish shartlari va arenda haqi miqdori, uni toʻlash muddatlari;
arendaga beruvchi arendaga berayotgan turar joyning, muhandislik qurilmalarining holati toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
shartnoma muddati oʻtishi bilan turar joyni arendaga beruvchiga qaytarish tartibi;
arendaga berilgan turar joyga qarash, xizmat koʻrsatish va uni taʼmirlash boʻyicha taraflarning majburiyatlari;
arendaga berilgan turar joyni ijaraga berish yoki ikkilamchi arendaga berish imkoniyatlari, shartlari va tartibi;
taraflarning javobgarligi.
Turar joy arendasi shartnomasiga taraflarning kelishuvi boʻyicha qonunchilikka muvofiq boshqa shartlar ham kiritilishi mumkin.
(86-moddaning toʻrtinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)