Ortiqcha toʻlangan yoki undirilgan, shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetiga oʻtkazilgan bojxona toʻlovlarining summalari quyidagi hollarda dastlabki pul mablagʻlari hisobiga oʻtkaziladi yoki bojxona organlari tomonidan toʻlovchiga qaytarib beriladi:
tovarning bojxona qiymatiga va (yoki) bojxona toʻlovlariga tuzatishlar kiritilishi munosabati bilan bojxona toʻlovlari summalari qayta hisoblanganda;
agar bojxona rejimi shartlarida ilgari toʻlangan bojxona toʻlovlari summalarini qaytarish nazarda tutilgan boʻlsa;
agar tovarning bojxona toʻlovlarini toʻlash ularni hisoblab chiqarishning belgilangan tartibini buzgan holda amalga oshirilgan boʻlsa;
bojxona toʻlovlarining stavkalari oʻzgargan boʻlsa;
bojxona hududiga olib kirilgan tovarga nisbatan bojxona toʻlovlarini toʻlash boʻyicha imtiyoz tiklangan boʻlsa;
agar bojxona toʻlovlari toʻlangan tovarlar bojxona nazorati ostida yoʻq qilinishi lozim boʻlsa;
egasi bojxona organi boʻlgan bojxona ombori tugatilishi munosabati bilan tovarlar berilayotganda saqlash uchun toʻlangan bojxona yigʻimlari summalarining bir qismi qaytarilganda;
bojxona toʻlovlarini hisoblashda ortiqcha toʻlovga olib kelgan texnik xatoliklar aniqlanganda.
Ortiqcha toʻlangan yoki undirilgan bojxona toʻlovlarining summalari qonunchilikka muvofiq boshqa hollarda ham qaytarib berilishi mumkin.
(354-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Bojxona organining xatosi tufayli ortiqcha toʻlangan yoki undirilgan bojxona toʻlovlari summalarini qaytarish ustuvor tartibda amalga oshiriladi.
(354-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 27-fevraldagi OʻRQ-913-sonli Qonuniga asosan uchinchi qism bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.02.2024-y., 03/24/913/0158-son — 2024-yil 28-maydan kuchga kiradi)