Sud buyrugʻini berish toʻgʻrisidagi ariza sudga ushbu Kodeksning 5-bobida belgilangan sudlovga tegishlilikning umumiy qoidalari boʻyicha beriladi.

Sud buyrugʻini berish toʻgʻrisidagi ariza yozma shaklda, shu jumladan axborot tizimi orqali elektron hujjat tarzida beriladi. Arizada quyidagilar koʻrsatilishi kerak:

1) ariza berilayotgan sudning nomi;

2) undiruvchining familiyasi, ismi, otasining ismi (nomi), uning yashash joyi yoki joylashgan yeri (pochta manzili) hamda yuridik shaxsning rekvizitlari;

3) qarzdorning familiyasi, ismi, otasining ismi (nomi), uning yashash joyi yoki joylashgan yeri (pochta manzili) hamda yuridik shaxsning rekvizitlari;

4) undiruvchining talabi va talabga asos boʻlgan holatlar;

5) undirilayotgan qarzdorlik vujudga kelgan davr;

5¹) toʻlanmagan toʻlovlar summasining hisob-kitobi va undiruv qaratilayotgan, qarzdorning majburiyatlari bajarilishining taʼminoti sifatida turgan koʻchar mol-mulkning tavsifi;

(172-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 22-oktabrdagi OʻRQ-572-sonli Qonuniga asosan 5¹-band bilan toʻldirilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 23.10.2019-y., 03/19/572/3943-son)

6) arz qilingan talabni tasdiqlovchi, ilova qilinayotgan hujjatlarning roʻyxati.

Sud buyrugʻini berish toʻgʻrisidagi arizada undiruvchi yoki uning vakilining telefonlari, fakslari raqamlari, elektron pochta manzili koʻrsatilishi mumkin.

Koʻchar mol-mulk talab qilingan taqdirda, arizada ushbu mol-mulkning qiymati koʻrsatilishi lozim.

Sud buyrugʻini berish toʻgʻrisidagi ariza undiruvchi yoki uning vakili tomonidan imzolanadi. Vakil tomonidan berilayotgan arizaga uning vakolatlarini tasdiqlovchi hujjat ilova qilinishi kerak.