Qarzdor arz qilingan talabga qarshi eʼtirozlarini buyruqni bergan sudga sud buyrugʻining koʻchirma nusxasini olgan kundan eʼtiboran oʻn kunlik muddatda, huquqlari va majburiyatlari toʻgʻrisida sud buyrugʻi qabul qilingan shaxslar esa sud buyrugʻi qabul qilinganligi ularga maʼlum boʻlgan kundan eʼtiboran oʻn kunlik muddatda yuborishga haqli. Bunday holda sudya sud buyrugʻini bekor qilib, bu haqda ajrim chiqaradi. Sud buyrugʻini bekor qilish toʻgʻrisidagi ajrimda sudya undiruvchi bildirgan talab daʼvo ishini yuritish tartibida taqdim etilishi mumkinligini tushuntiradi. Sud buyrugʻini bekor qilish toʻgʻrisidagi ajrimning koʻchirma nusxasi ajrim berilganidan keyin uch kundan kechiktirmay undiruvchiga va qarzdorga imzo qoʻydirib topshiriladi yoki ularga pochta orqali yoxud elektron hujjat tarzida yuboriladi.

(181-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 21-apreldagi OʻRQ-1141-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.04.2026-y., 03/26/1141/0403-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 24-iyul)

Alimentlar undirish toʻgʻrisidagi sud buyrugʻi ijro ishini yuritish boʻyicha undiruv tugaguniga qadar undiruvchining arizasiga koʻra bekor qilinishi mumkin.

Sud buyrugʻini bekor qilishni rad etish toʻgʻrisidagi sud ajrimi ustidan xususiy shikoyat (protest) berilishi mumkin.

(181-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2023-yil 25-dekabrdagi OʻRQ-887-sonli Qonuniga asosan uchinchi qism bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.12.2023-y., 03/23/887/0972-son — 2024-yil 1-yanvardan kuchga kiradi)

2-kichik boʻlim. Daʼvo ishini yuritish