Mol-mulk fuqarolik huquqlari obyekti sifatida koʻchmas mulkka va koʻchar mulkka boʻlinadi.

Koʻchmas mulk jumlasiga yer uchastkalari, yer osti boyliklari, binolar, inshootlar, koʻp yillik dov-daraxtlar va yer bilan uzviy bogʻlangan boshqa mol-mulk, yaʼni belgilangan maqsadiga nomutanosib zarar yetkazmagan holda joyini oʻzgartirish mumkin boʻlmaydigan obyektlar kiradi.

(83-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2007-yil 5-apreldagi OʻRQ-83-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2007-y., 14-son, 132-modda)

Qonunda boshqa mol-mulk ham koʻchmas mol-mulk qatoriga kiritilishi mumkin.

Koʻchmas mol-mulkka boʻlgan huquqlarni qoʻlga kiritish va ular bekor boʻlishining xususiyatlari qonun bilan belgilab qoʻyiladi.

(83-moddaning toʻrtinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2022-yil 7-noyabrdagi OʻRQ-801-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.11.2022-y., 03/22/801/0998-son)

Koʻchmas mulk jumlasiga kirmaydigan mol-mulk koʻchar mulk hisoblanadi. Koʻchar mulkka boʻlgan huquqlarni roʻyxatdan oʻtkazish talab etilmaydi, qonunda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.