Iqtisodiy sudga:
1) iqtisodiyot sohasida yuridik shaxslar hamda yuridik shaxs tashkil etmagan holda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan va yakka tartibdagi tadbirkor maqomini qonunda belgilangan tartibda olgan fuqarolar, shuningdek korporativ nizolar boʻyicha ishlar koʻrilayotganda taraflar boʻlgan fuqarolar (bundan buyon matnda fuqarolar deb yuritiladi) oʻrtasidagi fuqaroviy, maʼmuriy va boshqa huquqiy munosabatlardan yuzaga keladigan nizolarga doir ishlar;
2) iqtisodiyot sohasida yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarning huquqlari yuzaga kelishi, oʻzgarishi yoki bekor boʻlishi uchun ahamiyatga ega boʻlgan faktlarni aniqlash (bundan buyon matnda yuridik ahamiyatga ega boʻlgan faktlarni aniqlash deb yuritiladi) toʻgʻrisidagi ishlar;
3) toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisidagi ishlar;
(25-modda birinchi qismining 3-bandi Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 21-fevraldagi OʻRQ-911-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.02.2024-y., 03/24/911/0142-son)
4) hakamlik muhokamasi bilan bogʻliq ishlar;
4¹) arbitraj muhokamasi bilan bogʻliq ishlar;
(25-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2022-yil 16-maydagi OʻRQ-769-sonli Qonuniga asosan 4¹-band bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.05.2022-y., 03/22/769/0421-son)
4²) mediativ kelishuvni majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish toʻgʻrisidagi ishlar;
(25-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 20-oktabrdagi OʻRQ-1089-sonli Qonuniga asosan 4²-band bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.10.2025-y., 03/25/1089/0953-son)
5) ushbu Kodeksning 30-moddasida koʻrsatilgan korporativ nizolar boʻyicha ishlar, bundan mehnatga oid nizolar mustasno;
5¹) ushbu Kodeksning 30¹-moddasida koʻrsatilgan investitsiyaviy nizolar boʻyicha ishlar;
5²) ushbu Kodeksning 30²-moddasida koʻrsatilgan raqobatga oid ishlar;
(25-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 12-yanvardagi OʻRQ-663-sonli Qonuniga asosan 5¹ va 5²-bandlar bilan toʻldirilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 13.01.2021-y., 03/21/663/0013-son)
6) chet davlat sudlari va arbitrajlarining qarorlarini tan olish hamda ijro etishga qaratish toʻgʻrisidagi ishlar taalluqlidir.
Yakka tartibdagi tadbirkor maqomini yoʻqotgan fuqarolar ishtirokidagi nizolarga doir ishlar ham, agar tegishli talablar ularning avvalgi tadbirkorlik faoliyatidan kelib chiqsa, sudga taalluqli boʻladi.
Qonun bilan sudga taalluqli ishlar jumlasiga boshqa ishlar ham kiritilishi mumkin.
Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, sud oʻziga taalluqli ishlarni tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan Oʻzbekiston Respublikasi yuridik shaxslari va fuqarolari, shuningdek chet el yuridik shaxslari, xalqaro tashkilotlar, chet el fuqarolari, fuqaroligi boʻlmagan shaxslar ishtirokida koʻradi.
Oʻzaro bogʻliq boʻlib, baʼzilari iqtisodiy sudga, boshqalari esa fuqarolik ishlari boʻyicha sudga taalluqli boʻlgan bir nechta talab birlashtirilgan taqdirda, barcha talablar fuqarolik ishlari boʻyicha sudda koʻrilishi lozim.
Oʻzaro bogʻliq boʻlib, baʼzilari maʼmuriy sudga, boshqalari esa iqtisodiy sudga taalluqli boʻlgan bir nechta talabni birlashtirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Ushbu modda birinchi qismining 4¹, 5 va 5¹-bandlarida koʻrsatilgan ishlar nizo yuzaga kelgan huquqiy munosabatlar ishtirokchisi yuridik yoki jismoniy shaxslar boʻlishidan qatʼi nazar, sud tomonidan koʻrib chiqiladi.
(25-moddaning yettinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2022-yil 16-maydagi OʻRQ-769-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.05.2022-y., 03/22/769/0421-son)