Arbitraj muhokamasi bilan bogʻliq ishlar jumlasiga “Xalqaro tijorat arbitraji toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida nazarda tutilgan quyidagi arizalar boʻyicha ishlar kiradi:

1) arbitrni tayinlash toʻgʻrisidagi;

2) arbitrni rad etishni qanoatlantirish haqidagi;

3) arbitr vakolatlarining amal qilishini tugatish xususida qaror qabul qilish toʻgʻrisidagi;

4) arbitraj sudining yurisdiksiyasi masalasi yuzasidan qarorlar qabul qilish haqidagi;

5) taʼminlash choralarini tan olish va ijroga qaratish toʻgʻrisidagi;

6) taʼminlash choralarini koʻrish haqidagi;

7) dalillarni olishga koʻmaklashish toʻgʻrisidagi;

8) arbitrajning hal qiluv qarorini bekor qilish haqidagi;

9) arbitrajning hal qiluv qarorini tan olish va ijroga qaratish toʻgʻrisidagi.

Ushbu moddaning birinchi qismida sanab oʻtilgan ishlar iqtisodiy sudlar tomonidan iqtisodiy sud ishlarini yuritishning umumiy qoidalari boʻyicha ushbu Kodeksning 29¹-bobida koʻrsatilgan oʻziga xos xususiyatlarni inobatga olgan holda koʻrib chiqiladi.

Ushbu modda birinchi qismining 1 — 4, 7 va 8-bandlarida sanab oʻtilgan ishlar iqtisodiy sudlar tomonidan faqat, agar arbitraj joyi Oʻzbekiston Respublikasida joylashgan boʻlsa, koʻrib chiqiladi.

(28¹-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2022-yil 16-maydagi OʻRQ-769-sonli Qonuniga asosan kiritilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.05.2022-y., 03/22/769/0421-son)