Ozodlikdan mahrum etishga hukm qilinganlarga telefon orqali soʻzlashuvlar huquqi beriladi.

(77-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 28-avgustdagi OʻRQ-558-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 29.08.2019-y., 03/19/558/3662-son)

Umumiy, qattiq, maxsus tartibli koloniyalarda, tarbiya koloniyalarida, turmalarda va mahkumlar uchun ixtisoslashgan kasalxonalarda jazoni oʻtayotgan mahkumlarning telefon orqali soʻzlashuvlari muassasa maʼmuriyati nazorati ostida oʻtkaziladi hamda ularning haqi mahkumning shaxsiy hisobvaragʻidan toʻlanadi.

(77-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 28-avgustdagi OʻRQ-558-sonli Qonuniga asosan ikkinchi qism bilan toʻldirilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 29.08.2019-y., 03/19/558/3662-son)

Telefon orqali soʻzlashuvlar miqdori jazoni ijro etish muassasasining tartib turiga hamda mahkum saqlanayotgan sharoitga qarab belgilanadi. Mahkumning iltimosiga koʻra, mahkum jazoni ijro etish muassasasiga yetib kelgandan keyin, shuningdek alohida hollarda unga qoʻshimcha ravishda telefon orqali soʻzlashuvga ruxsat etilishi mumkin.

(77-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2003-yil 30-avgustdagi 535-II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2003-y., 9-10-son, 149-modda)

Intizomiy boʻlinmalarda saqlanayotgan mahkumlarga faqat alohida hollarda telefon orqali soʻzlashuvga ruxsat etilishi mumkin.

Ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan mahkumlarning telefon orqali oʻzaro soʻzlashuvlari taqiqlanadi.

Mahkumlarga telefon orqali soʻzlashuvga ruxsat etish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan belgilanadi.