Yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarni taftish qilish ish uchun ahamiyatli boʻlgan holatlar haqidagi maʼlumotlarni tekshirilayotgan subyektlarning buxgalteriya, moliya, statistika, bank hujjatlarini va boshqa hujjatlarini oʻrganish hamda taqqoslab koʻrish yoʻli bilan olish mumkin boʻlgan hollarda tayinlanadi. Surishtiruvchining, tergovchining, prokurorning yoki sudyaning maxsus bilimlarga ega ekanligi taftishni tayinlashdan ozod etmaydi.

Tadbirkorlik subyektini taftish qilish faqat uning qonunchilikni buzganligi faktlari boʻyicha qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi doirasida amalga oshiriladi. Bunda taftishga tadbirkorlik subyektining faqat qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi bilan bogʻliq faoliyati qamrab olinishi mumkin.

(187¹-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)

Jinoyat ishi qoʻzgʻatilguniga qadar taftishni tayinlashga faqat qonunchilikda belgilangan hollarda va tartibda yoʻl qoʻyiladi.

(187¹-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)