Protsessual chiqimlar:
1) jabrlanuvchilarga va ularning vakillariga, guvohlarga, ekspertlarga, mutaxassislarga, tarjimonlarga, xolislarga ularning protsessual harakatlar oʻtkaziladigan joyga kelib ketish, turar joyni ijaraga olish xarajatlarini qoplash uchun, shuningdek sutkalik xarajat puli tariqasida beriladigan summadan;
2) doimiy ish haqi olmaydigan jabrlanuvchilarga va ularning vakillariga, guvohlarga, xolislarga ularni odatdagi mashgʻulotidan chalgʻitganlik uchun toʻlanadigan summadan;
3) ekspertlarga, tarjimonlarga, mutaxassislarga ular surishtiruv, dastlabki tergov yoki sudda oʻz vazifalarini bajarganligi uchun toʻlanadigan haqdan, ana shu vazifalar xizmat topshirigʻi tartibida bajarilgan hollar bundan mustasno;
4) ushbu Kodeksning 50-moddasiga muvofiq sudlanuvchi toʻlovdan ozod qilingan taqdirda yuridik yordam koʻrsatganlik uchun himoyachiga toʻlanadigan haqdan;
5) ashyoviy dalillarni saqlash va joʻnatish bilan bogʻliq xarajatlar summasidan;
6) ekspertiza muassasalarida ekspertiza oʻtkazish uchun sarflangan summadan;
7) shaxslarni ushlash, majburiy keltirish va qidirish uchun qilingan xarajatlardan;
7¹) surishtiruv, dastlabki tergov yoki sud majlisini videokonferensaloqadan foydalangan holda oʻtkazish chogʻida qilingan xarajatlardan;
(318-modda birinchi qismining 7¹-bandi Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 23-maydagi OʻRQ-542-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 24.05.2019-y., 03/19/542/3177-son)
8) jinoyat ishini yuritishda qilingan boshqa xarajatlardan iborat boʻladi.
Ushbu moddaning 1, 2, 3, 4 va 7¹-bandlarida koʻrsatilgan summalar surishtiruvchining, tergovchining, prokurorning qarori yoki sudning ajrimiga muvofiq budjet mablagʻlari hisobidan toʻlanadi.
(318-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2018-yil 18-apreldagi OʻRQ-476-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 19.04.2018-y., 03/18/476/1087-son)